Mamlakatimizda texnika ta’limini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Toshkent shahrida “ToshTech” texnika universiteti tashkil etilishi belgilandi. Ushbu oliygoh faoliyati Prezidentning 2025-yil 11-sentyabrdagi PQ–274-son qarori asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi universitet o‘z faoliyatida akademik, moliyaviy va tashkiliy-boshqaruv sohalarida mustaqil bo‘ladi. Bu esa ta’lim jarayonini zamonaviy yondashuv asosida tashkil etish, xalqaro standartlarga yaqinlashtirish va talabalarga keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Universitetda ta’lim bosqichlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2025/2026-o‘quv yilidan davlat byudjeti hisobidan bir yillik tayyorlov kursi tashkil etiladi. Keyingi bosqichda, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha darslar yo‘lga qo‘yiladi. Shundan so‘ng, 2027/2028-o‘quv yilidan e’tiboran magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim dasturlari ham bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.
Ta’lim jarayoni davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida, davlat va xorijiy tillarda olib boriladi. Eng muhim jihatlardan biri shundaki, 2029/2030-o‘quv yiligacha qabul qilinadigan talabalar to‘liq davlat granti asosida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu esa yoshlar uchun katta rag‘bat va qo‘llab-quvvatlash mexanizmi hisoblanadi.
“ToshTech” texnika universiteti tashkil etilishi orqali mamlakatimizda texnik soha bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun mustahkam poydevor yaratiladi. Shu orqali texnologiya va muhandislik yo‘nalishlarida raqobatbardosh kadrlar yetishib chiqib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida innovatsion rivojlanishga hissa qo‘shadi.