Maktablarida telefondan foydalanish butunlay taqiqlandi


Janubiy Koreya parlamenti dars vaqtida mobil telefon va smart qurilmalardan foydalanishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bu tartib 2026-yil martidan kuchga kiradi va barcha maktablarda amal qiladi. Maqsad – yoshlar orasidagi onlayn qaramlikni kamaytirish.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, telefondan ortiqcha foydalanish ta’lim, aqliy rivojlanish va ijtimoiy moslashuvga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli, deputatlar, ota-onalar va ko‘plab o‘qituvchilar o‘quvchilarning darsga e’tiborini oshirish, do‘stlik va ijodkorlik kabi qadriyatlarni qayta tiklash zarurligini ta’kidlashmoqda.

Qonun parlamentda ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, aholining chorak qismi, yoshlar orasida esa 43 foizi telefonlardan ortiqcha foydalanadi. Biroq, bu qaror turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ota-onalar taqiqni qo‘llab-quvvatlasa, o‘quvchilar muammoni taqiqlash emas, balki telefonlardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish orqali hal qilish lozimligini aytishmoqda.

Yangi qoidaga ko‘ra, dars jarayonida telefonlardan to‘liq foydalanish taqiqlanadi. Biroq, nogironlar uchun maxsus qurilmalardan foydalanishga, shuningdek, favqulodda vaziyat va ta’limiy maqsadlarda foydalanishga ruxsat etiladi.

O‘qituvchilar ham turlicha fikr bildirmoqda: ayrimlari bu cheklov tartibni tiklashga yordam beradi desa, boshqalar shaxsiy huquqlarni cheklash sifatida baholamoqda.

Janubiy Koreya bu borada birinchi davlat emas. Fransiya, Finlyandiya, Italiya va Xitoy ham maktablarda telefonlardan foydalanishni cheklagan. Faqat Seul masalani qonun darajasiga ko‘targani bilan ajralib turadi.

Hozircha natija qanday bo‘lishi haqida bahs davom etmoqda. Ayrimlar buni o‘quvchilar uchun foydali qadam desa, boshqalar muammoni ta’lim tizimidagi haddan tashqari raqobat va o‘quvchilarga yuklanayotgan ruhiy bosim bilan bog‘lashmoqda.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Niderlandiya, Avstraliya, Norvegiya, Italiya, Qirg‘iziston va Rossiya kabi mamlakatlar ham bolalar va o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va mobil qurilmalardan dars vaqtida foydalanishni cheklovchi qoidalarni joriy qilgan.