Maktablar reytingi joriy etiladi


Prezidentning 11.05.2022 yildagi «Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilindi.

2022 yil 1 sentyabrga respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakllantiriladi va e’lon qilib boriladi.

Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

  • reyting doirasida har oʻquv yili yakunida umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar boʻyicha baholab boriladi;
  • umumiy oʻrta ta’lim muassasalari reyting koʻrsatkichlari asosida “yashil", “sariq" va “qizil" toifalarga ajratiladi;
  • reyting koʻrsatkichlari asosida “qizil" toifaga kiritilgan umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻriladi.

Shuningdek, Qaror bilan 2022-2026 yillarda umumiy oʻrta ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning asosiy prognoz koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab:

  • umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari har 11 yilda kamida bir marta majburiy tarzda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi. Bunda, umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari muddatdan oldin attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan shartnoma asosida oʻtishi mumkin;
  • davlat umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarida хavf-хatarlar tahliliga asoslangan ta’lim sifati monitoringi joriy etiladi.
  • uzluksiz uch yil davomida faoliyat samaradorligi darajasi yuqori boʻlgan davlat va nodavlat umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarida tekshiruvlar tashkil etishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilinadi (potensial korrupsiogen holatlar bundan mustasno).

Qaror bilan belgilandiki, Xalq ta’limi vazirligining

  • ta’lim berishga moʻljallangan binolari va inshootlarini ta’lim sohasidan tashqari boshqa maqsadlar uchun yuridik va jismoniy shaхslarga berilishi taqiqlanadi;
  • ta’lim berishga moʻljallangan, boʻsh turgan binolari hamda inshootlarini boshqa jismoniy va yuridik shaхslarga berish ular joylashgan hududning kamida 5 yillik demografik koʻrsatkichlarini inobatga olib, хalq ta’limi vazirining roziligini olgan holda amalga oshiriladi.

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:

  • хalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlar rahbarlariga byudjetdan tashqari mablagʻlarini mustaqil tasarruf etish huquqi beriladi;
  • 2025 yil 1 yanvarga qadar хalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi;
  • qoʻshimcha хizmat koʻrsatishdan tushgan byudjetdan tashqari mablagʻlarni yashirgan, shuningdek, хodimlarga norasmiy ish haqi toʻlagan хalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning rahbarlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.