Magistratura bosqichiga chet tili sertifikati talabi qo‘yilgani sabab OTMlar moliyaviy zarar ko‘rgan – hisobot


Oliy ta’lim vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2021 yildan davlat OTMlarining magistratura bosqichiga o‘qishga kirish uchun chet tili sertifikatining majburiy qilib qo‘yilishi kvotalarning ochiq qolishiga, oqibatda moliyaviy mustaqil OTMlarning zarar ko‘rishiga sabab bo‘lgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2021 yilda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorini tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish bo‘yicha hisobotini e’lon qildi.

Prezident qarori bilan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilgandi.

Bunda filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi belgilandi.

Tahlilga ko‘ra, bu talab sabab kvotalar ochiq qolishi kuzatilgan va moliyaviy mustaqil OTMlar zarar ko‘rgan.

Mazkur talab o‘rnatilishi natijasida o‘tgan yillar davomida ayrim mutaxassisliklarda qabul kvotalari ochiq qolmoqda. Jumladan, 2021 yilda 20,7 foiz kvota ochiq qolgan bo‘lsa, 2022 yilda 80,2 foiz, 2023 yilda 62,6 foiz kvota ochiq qolgan.

Shuningdek, 2021 yilda magistratura uchun 78,8 ming talabgor hujjat topshirgan bo‘lsa, 2022 yilda 5,2 ming, 2023 yilda 6,3 ming talabgor hujjat topshirgan yoki talabgorlar soni so‘nggi uchinchi yilda 12,5 baravarga kamaygan.

Qabul kvotalarining to‘lmasligi moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim tashkilotlarining moliyaviy holatiga ta’sir etmoqda.

Mazkur tartibning joriy etilishi fuqarolarga ham moliyaviy xarajatlar keltirib chiqarmoqda. Jumladan, talabgor ta’lim tashkilotiga o‘qishga kirish uchun milliy yoki xalqaro sertifikat olishga imtihonga tegishli to‘lovlarni amalga oshiradi", deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, talabgorlar chet tili sertifikati talabini bajara olmasligi oqibatida ochiq qolgan kvotalar sabab OTMlar 2021 yilda 18,6 mlrd so‘m, 2022 yilda 101,8 mlrd so‘m, 2023 yilda esa 85,8 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.

Shuningdek, hisobotga ko‘ra, mamlakatda xorijiy tillarni o‘rganish ko‘rsatkichi oshgan. 2022 yilda chet tili sertifikati bilan OTMlarning bakalavriatiga hujjat topshirgan abituriyentlarning 87,5 foizi talabalikka qabul qilingan.

Biroq hisobotda chet tili sertifikatining majburiy qilinganligi OTMlarning magistratura bosqichidagi ta’lim sifatiga qanday ta’sir qilgani haqida ma’lumot mavjud emas.

Barcha nofilologik magistratura mutaxassisliklariga hujjat topshirishda talab etiladigan til bilish sertifikatiga ega bo‘lishning soha xususiyatiga muvofiqlashtirish maqsadga muvofiq”, deyiladi hisobotda.