Litsey direktorlari arosatda qoldi. Prorektorlar esa hayron


Akademik litseylar faoliyatini takomillashtirishga doir qaror qabul qilinishi ortidan, amaldagi litseylar direktorlarining taqdiri mavhum bo‘lib qoldi. Bir vaqtning o‘zida litseylarga direktorlik qiladigan OTM prorektorlari “boshini qaysi toshga urish" haqida o‘ylayotgan bo‘lsalar ajab emas...

Quyida akademik litseylar faoliyatini takomillashtirishga doir qaror amaliyotda keltirib chiqargan ayrim muammolar haqida fikr yuritamiz.

Nima bo‘ldi o‘zi?

O‘tgan yilning 12 dekabr sanasida “Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-4910-sonli qaror imzolandi.

Qarorda bir nechta yangiliklar qatorida akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish masalalari haqida ham so‘z boradi. Ammo, hujjatdagi muhim bir band uni amaliyotga tatbiq etishda muammolar tug‘dirishi mumkin.

Qarorning 11-bandiga muvofiq shunday tartib o‘rnatildiki, endilikda oliy ta'lim maskanlarining o‘quv ishlari uchun mas'ul prorektori (filial direktori o‘rinbosari) bir vaqtning o‘zida akademik litsey direktori hisoblanadi.

Bu degani, huzurida akademik litseylar bo‘lgan OTMlarning (bundaylar respublika bo‘yicha 70ga yaqin) o‘quv ishlari uchun mas'ul prorektorlari parallel ravishda akademik litsey direktorligi lavozimini ham egallaydi.

Barcha muammo mana shu yerdan boshlanmoqda.

1-muammo: Shafag‘ini olamiz deb, ko‘r qilib qo‘ymaymizmi?

Gap shundaki, OTMning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori kichkina lavozim emas – uning mas'uliyati ham, ish yuklamasi ham o‘ziga yarasha. Ayrim OTMlar bir necha o‘n minglab talabalarga va yuzlab professor-o‘qituvchilarga ega. Deyarli har birining akademik faoliyati uchun aynan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor javobgar hisoblanadi.

O‘zbekiston OTMlari har qancha katta, talaba va xodimlari qancha ko‘p bo‘lmasin, barchasida faqat 1 nafar o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimi bor. Biz muhokama qilayotgan qaror keltirib chiqaradigan oqibatning bu jihatini bir aravani arang tortib turgan otga yana bir arava qo‘shib qo‘yilishiga qiyoslasa bo‘ladi.

2-muammo: Prorektormi yoki “bo‘zchining moki"?

Aksariyat OTMlar huzuridagi akademik litseylarning binolari oliygoh binosidan tashqarida, ayrimlari esa juda olisda joylashgan.

Masalan, Buxoro davlat universiteti binosi Buxoro shahri Muhammad Iqbol ko‘chasi 11-uyda, shu universitet qoshidagi Qorako‘l 3-son akademik litseyi esa Qorako‘l tuman, Saodat ko‘chasi, 1-uyda joylashgan. Oradagi masofa 60 kilometrdan kam emas.

Yoki bo‘lmasa, Toshkent kimyo-texnologiya institutini olaylik – poytaxtdagi Navoiy shohko‘chasi 32-uydan institut qoshidagi Chirchiq akademik litseyi binosi joylashgan Chirchiq shahri, Istiqbol ko‘chasi, 2-A-uygacha bo‘lgan masofa ham 50 kilometrlar atrofida.

Akademik litsey direktorining ham o‘ziga yarasha vazifalari bo‘ladi. Litseyni boshqarish, xodimlar va o‘quv-tarbiya jarayoni ustidan nazorat, ish beruvchi sifatidagi majburiyatlari, xullas bir prorektornikidan qolishmaydigan mas'uliyat va javobgarlik akademik litsey direktorida ham bor.

Endi tasavvur qilib ko‘raylik, Qorako‘l yoki Chirchiqdagi litseylarning holi ne kechadi, unga direktorlikni qabul qilib olgan prorektorniki-chi?

Bu – nafaqat oraliq masofasi uzoq muassasalarda, balki bir tom ostida faoliyat yuritganda ham o‘ziga yarasha noqulayliklarni keltirib chiqarishi tabiiy.

3-muammo: Prorektor – robot emac...

To‘g‘ri, qarorda OTMlarning o‘quv ishlari uchun mas'ul prorektorlariga litseyga direktorlik qilgani uchun qo‘shimcha ravishda bazaviy lavozim maoshiga nisbatan har oylik 20 foiz ustama to‘lanishi nazarda tutilgan. Ammo, bir lavozim uchun belgilangan vazifalarni to‘liq bajarilishi talab qilib turilgan bir vaqtda unga bu tarzda xizmat haqi belgilanishi qay darajada adolatli?

Qolaversa, prorektor kelgusida direktor vazifasini bajargani uchun litsey hisobidan alohida haq oladimi yoki yo‘q, hozircha noma'lum. Qarorda bu haqida aniq gap aytilmagani ham masalani yanada mavhumlashtirgan.

Bir vaqtning o‘zida ikkita ta'lim maskanining ta'lim jarayoni uchun javobgarlik har qanday temir irodali odamni ham ham jismonan, ham ruhan toliqtirib qo‘yishi aniq.

4-muammo: Litsey direktorlari yerdan chiqqan qo‘ziqorinmi?

Yana bir jiddiyroq o‘ylab ko‘riladigan masala bor: amaldagi litsey direktorlarining taqdiri nima bo‘ladi? Qarorda bu haqida ham lom-mim deyilmagan.

Shu boisdan ham amaldagi direktorlarning taqdiri “osilib" qolmoqda. Uddasidan chiqqan ayrim OTMlar esa allaqachon masalani bir yoqli qilib, litsey direktorlari bilan xayrlashib ham ulgurgan. “Haq"ini talab qilgan direktorlar bilan esa murosa yo‘llari axtarilmoqda.

Xato kimda va u qanday tuzatiladi?

Bu o‘rinda shu g‘oyani ilgari surgan, uni qaror loyihasi matniga tushirgan hamda ekspertizadan o‘tkazgan mas'ul idoralar xodimlari bosh qotirib ko‘rganlari durust. Har holda yechimsiz muammoning o‘zi bo‘lmaydi.

“Aravani torta olmagan" sobiq vazir Inom Majidov davridan “meros" bo‘lib o‘tgan bu muammo yangi vazir Abduqodir Toshqulovning qarshisida yechimini kutib turgan ilk masalalardan biri bo‘lsa ajab emas.

Dilshod Abduqodirov