Kolumbiya universiteti bilan hamkorlikda O‘zbekiston moliyaviy – iqtisodiy sohasida faoliyat yuritayotgan rahbarlar malakasi oshiriladi


16 iyul kuni Nyu-York shahridagi Kolumbiya universiteti vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur universitet va Kapital bozorini rivojlantirish agentligi o‘rtasida O‘zbekistonning moliyaviy – iqtisodiy sohasida faoliyat yuritayotgan rahbarlarning malakasini oshirishga qaratilgan ta'lim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi, deb yozmoqda Kun.uz.

Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikada shu kabi dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan professor Emiki O‘zbekiston moliyaviy infratuzilmasini rivojlantirishda agentlikning tashabbuslari va muhim rolini ta'kidlab, agentlik maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun ta'lim dasturlarini ishlab chiqishda ilmiy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar Kolumbiya universitetining joriy yilning kuzida Toshkentda qator treninglar va seminarlar o‘tkazishiga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, Kolumbiya universiteti AQShning 1754 yilda tashkil etilgan eng qadimgi ta'lim muassasalaridan biri bo‘lib, IVY - League ni tashkil etuvchi sakkizta Amerika universitetlaridan biri hisoblanadi. Uning bitiruvchilari ko‘plab taniqli olimlar hisoblanib, davlat va siyosat arboblari, shu jumladan 3 nafar AQSh prezidenti, 96 ta Nobel mukofoti laureatlari va 29 ta davlat rahbarlari bo‘lishgan.