Keyingi o‘quv yilidan protezchi mutaxassislar tayyorlanadi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 20 iyun kuni «Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, bir oy muddatda 2018-2022-yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha hududiy kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda protezchi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilib, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma’lumotli protezchi mutaxassislar tayyorlanadi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklandi.

Manba: xabar.uz