Oxirgi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirildi


Shavkat Mirziyoev «Yangi O‘zbekiston» nashriga bergan intervyusida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari haqida fikr bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda oliygohlar soni 141 taga yetkazilgan, 26 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasining filiallari ochilgan. Holbuki, 2016 yilda respublikadagi oliygohlarning soni 77 ta edi. Qisqa muddatda bu borada qariyb ikki barobar o‘sishga erishilgan.

«Keyingi besh yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Bu umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. O‘zingiz qiyoslab ko‘ring, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga ko‘paytirilgani, o‘tgan yilgi tajribamizni yangi bosqichga ko‘tarib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini ta’minlashga qaratilgan amaliy e’tiborimiz namunasidir», — deydi Shavkat Mirziyoev.

Ta’kidlanishicha, 2030 yilga qadar maktab, litsey va kollej bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazish reja qilingan.