Jizzax ijtimoy – iqtisodiy universiteti tashkil etiladi


Jizzax viloyat hokimligi hamda «Djizakskiy mejdunarodniy universitet» MCHJ xorijiy korxonasi o‘rtasida Jizzax ijtimoiy – iqtisodiy universitetini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

Unda viloyat hokimi E.Saliyev, universitet taʼsischilaridan B.Ahmedov shuningdek, Moskva davlat maʼmurchiligi instituti rektori A.Tarakanov va professor V.Flegontov ishtirok etdi.

— Jizzax ijtimoy-iqtisodiy universiteti taʼlim berish jarayoni O‘zbekiston Respublikasida qo‘llanayotgan oliy taʼlim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari asosida tashkil etilgan, — deydi bilim yurti taʼsischilaridan biri B.Ahmedov. — O‘zbekistondagi mutaxassislardan tashqari biz 58 nafardan ziyod ilg‘or Rossiya davlatidagi oliy taʼlim bilim yurtlaridan dars berishi uchun o‘qituvchilarni jalb qilishni rejalashtirganmiz. Endilikda, viloyatimiz va respublikamizning turli burchaklaridan yoshlarimiz sifatli taʼlim olishlari uchun chet elga borishga hojati qolmaydi.

Qabul psixologiya, boshlang‘ich taʼlim va sport-tarbiyaviy ishlari, maktabgacha taʼlim, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligida menedjment, buxgalteriya hisobi va audit, turizm, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish yunalishlarida o‘tkaziladi.

Shuningdek, magistratura yo‘nalishida psixologiya, boshlang‘ich taʼlim va sport-tarbiyaviy ishlari, maktabgacha taʼlim, iqtisodiyot hamda qishloq xo‘jaligida menedjment bo‘limlari bo‘yicha qabul tashkil etiladi.

Universitet o‘z faolyatini 2021-2022 o‘quv yilidan boshlashni rejalashtirgan, deb xabar beradi Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmati.