Jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialida 10dan ortiq yo‘nalishlarda bakalavrlar tayyorlanadi


Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali tashkil etildi. 

Hujjatga ko‘ra, 2019/2020 o‘quv yilida filialga 50 nafar talaba qabul qilinadi. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Nukus sport kollejining Nukus shahar, Qoraqalpog‘iston ko‘chasi, 24-uy manzilida joylashgan bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda filialga operativ boshqarish huquqi asosida bepul beriladi. 

Nukus sport kolleji o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar filial binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filialida 2019/2020 o‘quv yilida badiiy gimnastika, dzyu-do, basketbol, voleybol, eshkak eshish, erkin kurash, maktabgacha va boshlang‘ich ta'limda jismoniy tarbiya va sport hamda psixologiya (sport) yo‘nalishlarida bakalavrlar tayyorlanadi.

Keyingi o‘quv yillaridan boshlab esa boks, suzish, kurash, futbol, yengil atletika, og‘ir atletika, qo‘l to‘pi, yunon-rum kurashi yo‘nalishlarida bakalavrlar tayyorlanadi.

Avvalroq O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Navoiy davlat konchilik instituti hamda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Nukus filiali tashkil etilgani xabar qilingandi.