Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Toshkent shahar hokimligining qishki sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoalari uchun respublika va xalqaro sport musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishini ta'minlashga qaratilgan zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish maqsadida Toshkent shahar hokimligi tasarrufidagi Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chimyon qishlog‘ida joylashgan “Oromgoh" DUKning ikkita dor yo‘li hamda chang‘ida uchish trassasini Sportning qishki va murakkab texnik turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga operativ boshqaruv huquqi bilan bepul berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin, deb yozadi Kun.uz.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar o‘rtasida qishki sport turlarini yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufidagi Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Sertifikatsiyalash va kompyuterlashtirish markazi" davlat korxonasining “Beldirsoy" sport bazasida Yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yengil konstruksiyali bino va inshootlar barpo etish, yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, xalqaro va respublika nufuzdagi musobaqalarni o‘tkazish uchun zamonaviy sport asbob-uskunalari va jihozlari bilan beg‘araz ta'minlash bo‘yicha taklifiga rozilik beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishki va murakkab texnik sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi balansidagi Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chimyon qishlog‘ida joylashgan “Paxtakor" sport bazasi, unga tutash bo‘lgan ikkita dor yo‘li hamda chang‘ida uchish trassasini rekonstruksiya qilish, shuningdek Toshkent shahar, Olmazor tumani, Muxbir ko‘chasi, 12-uyda xalqaro standartlarga javob beradigan yengil konstruksiyali yopiq muz qoplamali maydon qurish hamda zamonaviy sport asbob-uskunalari va jihozlari bilan ta'minlash bo‘yicha tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq zarur bo‘lgan kapital qo‘yilma limiti ajratilishini 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida qishki sport turlari bo‘yicha kafedra tashkil qiladi;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining bakalavr yo‘nalishiga ajratilgan qabul kvotalarini yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlashda qishki sport turlari uchun o‘rin ajratilishi yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi.