Ayni kunlarda yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalarida ijodiy imtihon jarayonlari boshlangan. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham ijodiy imtihonlarni olish pandemiya munosabati bilan alohida tartib asosida yo‘lga qo‘yildi. 25 iyuldan boshlangan ijodiy imtihonlar 9 avgustga qadar davom etadi va bir kunda bitta viloyatdan kelgan abituriyentlar sinovdan o‘tishadi. Korrupsiyaning oldini olish maqsadida ushbu sinovlar yangi o‘quv yilida o‘zgacha tarzda tashkil qilindi.
Mazkur muassasada o‘tkazilayotgan kasbiy (ijodiy) imtihonlar 2 bosqichda o‘tkaziladi. Ya'ni maxsus jismoniy tayyorgarlik va umumiy jismoniy tayyorgarlik holati tekshiriladi. 3-bosqichda esa abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishadi.
“Bu tizim shaffoflikni ta'minlash, aholi o‘rtasida bo‘layotgan e'tirozlarga barham berish maqsadida yo‘lga qo‘yildi. Ijodiy imtihonlarda maxsus jismoniy tayyorgarlik sport federatsiyalari mutaxassislari tomonidan nazorat qilinsa, umumiy jismoniy tayyorgarlik holatini tekshirish uchun Milliy gvardiya xodimlari jalb etilgan. Test esa bevosita Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladi. Bu yerda 3ta bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan tashkilotlar aralashuvi korrupsion holatlar bo‘lmasligi uchun tashkil etildi.
Imtihonlar onlayn translatsiya qilinmoqda va ota-onalar kuzatuvi uchun monitorlar o‘rnatganmiz, u yerda mutaxassisimiz barcha savollarga javob berishi mumkin", deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmudjon Boltaboyev.
Ijodiy imtihon jarayonlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Futbol nazariyasi uslubiyati kafedrasi o‘qituvchisi Sirojiddin Po‘latovning aytishicha, futbol yo‘nalishi abituriyentlar eng ko‘p hujjat topshiradigan yo‘nalish hisoblanadi. Ular orasida “Paxtakor", “Bunyodkor", “Nasaf" kabi komandalar futbolchilari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular orasidan eng yaxshilarini saralab olish katta ahamiyat kasb etadi.
“O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining ijodiy imtihonlariga jalb etildik. Bu yerda har bir abituriyent kirgandan to imtihonni tugatib o‘z natijalari qayd etilgan dalolatnoma bilan tanishib imzo qo‘ygunga qadar videotasmalarga qayd etib borilyapti", deya jarayon haqida ma'lumot berdi Milliy gvardiya mas'ul xodimi Fayzulla Rajabov.
Joriy yilda ushbu ta'lim muassasasiga 10460 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ular 36ta sport yo‘nalishi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihondan o‘tkaziladi. Imtihonlar uchun yaratilgan sharoitlardan abituriyentlar ham o‘z mamnunliklarini bildirishdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, Chirchiq shahrida joylashgan universitetda 2018-2020 yillarda 180 mlrd so‘mlik qurilish montaj ishlari amalga oshirildi. Jumladan, talabalar uchun 1200 o‘rinli yotoqxonalar, har bir sport turi bo‘yicha sport zallari, o‘quv binolari foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, talaba qizlar uchun zamonaviy tikuv mashinalari bilan ta'minlangan sex ishga tushirilib, bu yerda qizlar ish bilan ham ta'minlanmoqda.
Yangi o‘quv yilida universitetda Tibbiyot fakultetining ochilishi muhim yangilik bo‘ldi. Bu fakultetga 3 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, shundan 200 nafari test sinovlari asosida tanlab olinadi.