Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida:
xorijiy oliy ta'lim muassasalarining tajribalarini o‘rganish asosida ish beruvchilarning talablaridan kelib chiqib, malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlarini qayta ko‘rib chiqishni;
jismoniy tarbiya va sport sohasida o‘quv adabiyotlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta'lim muassasalarida foydalanilayotgan tegishli adabiyotlarning tanqidiy tahlilini olib borish asosida ularning yangi avlodini yaratishni;
o‘quv jarayonida xalqaro tajriba asosida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash vositasida talabalarning bilim darajasi va ularni o‘qitish sifatini oshirishni;
xorijiy mamlakatlarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi professor-o‘qituvchilari, tajribali amaliyotchilari, trenerlarini jalb qilgan holda universitetning talabalari, professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish maqsadida o‘quv kurslarini tashkil etishni;
xalqaro hamkorlik ta'lim dasturlari asosida qishki sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislarni jalb etishni;
mehnat bozorining ehtiyojiga muvofiq xalqaro qo‘shma ta'lim dasturlari asosida oliy ma'lumotli mutaxassis kadrlarni tayyorlashni;
ilmiy salohiyatni har tomonlama oshirish maqsadida magistrantlar va doktorantlarni maqsadli tayyorlashni amalga oshirishni ta'minlaydilar.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi" tasdiqlanishi mumkin.
“Yo‘l xaritasi"ga ko‘ra rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi va mahalliy kadrlar iste'molchilarining talablaridan kelib chiqib, soha bo‘yicha zamonaviy ta'lim xizmatini ko‘rsatish jarayonlari, innovatsion pedagogik texnologiyalarda o‘z aksini topgan davlat ta'lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari qayta ishlab chiqiladi.
Xususan, universitetda mavjud 4 ta bakalavriat ta'lim yo‘nalishi va 2 ta magistratura mutaxassisligining malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari qayta tahlildan o‘tkaziladi.
Muddat - 2019 yil mart, natijasi - iste'molchilarining talablaridan kelib chiqib, soha bo‘yicha zamonaviy ta'lim xizmatini ko‘rsatish talablari asosida ta'lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari takomillashtiriladi. Mablag‘ - universitetning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan.
Mas'ullar - Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
Manba: kun.uz