Jahon tillari universiteti qoshida fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etiladi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshida fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Halq taʼlimi vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti muassisligida “Fransuz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab" davlat umumtaʼlim maktabini taʼsis etish toʻgʻrisidagi takliflariga asosan, yangi maktab faoliyat boshlaydi.

Qaror loyihasida 2019/2020 oʻquv yilida maktabning 7-8-9-10 sinflariga 40 nafardan oʻquvchilar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan fransuz tili va ona tili fanlaridan test sinovlari asosida qabul qilinishi belgilangan.

Maktab bitiruvchilari davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatni oladi.

Hujjatga koʻra, maktabni yuqori koʻrsatkichlar bilan yakunlagan va Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan imtihon natijalariga muvofiq beriladigan fransuz tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi B1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar oliy taʼlim muassasalarining xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni oʻqitish, tarjima nazariyasi va amaliyoti yoʻnalishlariga (fransuz tili boʻyicha) kirish imtihonlarisiz, kvotadan tashqari grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.


Manba: @eduuz