Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida siyosatshunoslik fanlari sohasida malakali kadrlar tayyorlanadi


Siyosiy fanlar sohasida kadrlarni tayyorlash, fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston prezidentining qarori qabul qilindi, deb xabar berilmoqda Adliya vazirligining telegram kanalida.

Qaror bilan Tashqi ishlar, Iqtisodiyot va sanoat, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklarining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 2019/2020 o‘quv yili uchun qabul kvotalarini:

• “Siyosatshunoslik" bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha 20 kishi, shu jumladan, davlat granti bo‘yicha 5 kishi;

• “Amaliy siyosatshunoslik" magistratura ta'lim mutaxassisligi bo‘yicha 10 kishi, shu jumladan, davlat granti bo‘yicha 2 kishi;

• “Siyosiy fanlar" fan tarmog‘i ixtisosliklari bo‘yicha tayanch doktoranturada 4 kishi, doktoranturada 2 kishi miqdorida belgilash to‘grisidagi takliflari ma'qullandi.

Qarorga muvofiq, universitetda “Siyosatshunoslik" kafedrasi tuziladi.

Kafedra faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

• ilg‘or xorijiy tajriba hamda zamonaviy ta'lim texnologiyalaridan foydalanish asosida siyosatshunoslik fanlari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni ta'minlash;

• jahon siyosatshunosligidagi eng yangi trend va yo‘nalishlarni hisobga olgan holda xalqaro darajadagi ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

• “Siyosatshunoslik" fani bo‘yicha o‘quv jarayonini mazmun jihatidan takomillashtirish maqsadida yangi avlod darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv dasturlari va rejalarini tayyorlash;

• tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ilgari surish sohasida Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar oldida turgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda ta'lim berish, fundamental va amaliy tadqiqotlarning yuqori darajasini ta'minlash;

• siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar va jahon siyosati, xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro huquq sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini o‘quv jarayoniga hamda tegishli o‘quv rejalari va dasturlariga tatbiq etish;

• siyosiy fanlar sohasida iqtisodiy siyosatshunoslik, siyosiy marketing va menejment, siyosiy sotsiologiya va boshqa innovatsion yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan metodologik va o‘quv-texnologik shart- sharoitlarni yaratish.

Hujjat bilan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi" jamg‘armasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda universitet ta'lim jarayoniga xorijlik, shu jumladan chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasidan yetakchi ekspertlarni jalb qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilab qo‘yildi.

Qarorga muvofiq, Innovatsion rivojlanish vazirligi davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida siyosatshunoslik sohasidagi tadqiqotlar uchun grantlar ajratishni ko‘zda tutadi.