«IT-Park University» raqamli universiteti tashkil qilindi


Hukumat qarori bilan “IT-Park University" raqamli universiteti tashkil qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot" kanali xabar berdi. 

Universitet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi. 

Universitetda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish sohalari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanadi. 

Ta’lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi va talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Ta’lim jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.

Universitetda o‘qitish masofaviy ta’lim shaklida olib boriladi, shuningdek, qonunchilikka muvofiq boshqa ta’lim shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.

Bitiruvchilarga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.