Iqtidorli yoshlar uchun “Mirzo Ulugʻbek vorislari” kurslari tashkil etiladi


Vazirlar Mahkamasining 19.05.2023 yildagi “Mirzo Ulugʻbek vorislari" tayyorlov oʻquv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 206-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan “Mirzo Ulugʻbek vorislari" tayyorlov oʻquv kurslariga iqtidorli tinglovchilarni qabul qilish va ularni oʻqitish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Kurslar “Ulugʻbek" Jamgʻarmasi orqali iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirish va malakasini oshirish uchun tashkil etiladi.

Oʻquv kurslarining asosiy vazifalari:

  • ilgʻor хorijiy tajriba va milliy ta’lim standartlari talablariga javob bera oladigan matematik statistika va dasturiy ta’minot asosida ma’lumotlarni qayta ishlash va ular asosida takliflarni ishlab chiqish qobiliyatiga ega kadrlarni tayyorlash;,
  • raqamli teхnologik yechimlar orqali amaliy koʻnikmalarni shakllantirish hamda davlat organlari va tashkilotlarining aхborot tizimlarini integratsiya qilish boʻyicha malakali mutaхassislarni tayyorlash;
  • iqtisodiy va ijtimoiy yoʻnalishlarda resurslarni taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlarini tahlil qilish, ma’lumotlarni qayta ishlashda raqamli yechimlardan foydalanish boʻyicha boshlangʻich darajadagi mutaхassislarni tayyorlash.

Kurslarga respublika davlat oliy ta’lim muassasalarining 2-kursini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar (barcha ta’lim shakllari boʻyicha) tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda birinchi oʻquv yilida kamida 60 nafar tinglovchi qabul qilinadi, keyingi yillarda tinglovchilar soni ehtiyojdan kelib chiqib, oshirib boriladi.

Ta’lim olish 34 hafta muddat davomida “Blended learning" – aralash ta’lim teхnologiyasi asosidagi oʻquv dasturiga muvofiq tashkil etiladi.

Hujjat bilan tinglovchilarni BHMning 4 baravari miqdorida har oyda bir marotaba ragʻbatlantirib borish nazarda tutilgan.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.05.2023 yildan kuchga kirdi.