"Ipak yo‘li" Xalqaro turizm universitetida yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi


Joriy yilda Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" Xalqaro turizm universitetida yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi. Bu haqda universitet prorektori Bahodir To‘rayev turizm sohasidagi yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qayd etdi, deb yozadi Kun.uz.

Yangi 2019-2020 o‘quv yilida universitet talabalar uchun ziyorat turizmi, ekoturizm, raqamli turizm, mehmonxona turizmi, event menejment, turizm sohasidagi xalqaro aloqalar va huquq kabi bir qator yo‘nalishlarda tahsil olish taklif etiladi. Shuningdek, bu yili talabalar qabul kvota soni ham sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

"Hozirda bizning oliygohda bakalavriat bo‘yicha jami 137 talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, yangi o‘quv yilida yana 400ga yaqin talabalarni qabul qilishni rejalashtirdik. Shuningdek, beshta yo‘nalish bo‘yicha magistraturani ham ochish maqsad qilingan. Tashkil etilganiga qisqa fursat bo‘lgan bo‘lsa-da, universitetimiz Fransiyaning Parij akademiyasi, Sahid turizm instituti (Indoneziya), Sochi davlat universiteti kabi jahonning 16ta nufuzli ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Universitet talabalarining yozgi ta'til davomida xorijiy mamlakatlarda malaka oshirishlari uchun ham imkon yaratiladi", dedi Bahodir To‘rayev.

Shuningdek, universitet prorektori joriy yilda chet ellik talabalarni ham o‘qishga qabul qilinishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

 Eslatib o‘tamiz, «Ipak yo‘li» Xalqaro turizm universiteti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 iyundagi 3815-sonli qarori asosida yo‘lga qo‘yilgan.