Tsivilizatsiya achinarli holatga tushib qolgani sabablardan biri – ta'lim tizimidir. Insoniyat jar yoqasidan uzoqlashishi uchun ta'limni mohiyatan o‘zgartirish kerak bo‘lyapti. Ammo, soha birovning amrini kutmasdan, o‘z-o‘zidan o‘zgarish arafasida turibdi.
Ta'lim tezligi va sifatini ko‘p marta oshirish imkonini beradigan texnik imkoniyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa ham, ulardan foydalanilmayotgani, maktablarda ta'lim eskichasiga – og‘zaki darslar bilan olib borilayotgani, ta'limimiz o‘ziga xos bir lotereyaga aylanib qolgani haqida so‘z yuritgan edik. Masalani yanada kengroq olib, mavzuni davom ettiramiz.
Bir marta eshitgandan...
100 yil oldin ko‘z bilan qabul qilinadigan axborot so‘z va matn orqali yetkaziladigan axborotga qaraganda tez va samarali o‘zlashtirilishini olimlar tajribada aniqlashgan edi. Bu «tasvir ustunligi effekti» deb nom olgan. Ma'lum bo‘lishicha, inson bosh miyasi tasvirni matnga qaraganda 60 000 barobar (!) tezroq o‘zlashtiradi. Ko‘plab tajribalarda o‘z isbotini topgan bu effekt inson xotirasining tasvirga nisbatan o‘ta ta'sirchanligi bilan izohlanadi. Ya'ni, miya ko‘z bilan ilg‘anadigan ramzlarni o‘ta tez tahlil qilar ekan. Mazkur hodisani olimlar tasvirlar miyada oson kodlanishi va kerak bo‘lganda oson koddan chiqarilishi bilan, matn orqali qabul qilingan axborot esa ikki martalik kodlanish evaziga xotirada qiyin kodlanishi va qiyin koddan chiqarilishi bilan izohlashadi.
Yana bir muhim kashfiyot
Miya yuzasining 50 foizi ko‘z bilan ko‘riladigan axborotni qayta ishlashga mo‘ljallangan. «Ko‘zning qanday ishlashini bilsak miya qanday ishlashini bilishga yaqinlashamiz», – deydi olimlar.
Bir necha yil avval o‘tkazilgan tajribada inson 10 sekund davomida 2500ga yaqin tasvirni eslab qolishga qodir ekanligi aniqlangandi. Yana ham ajablanarlisi bu – 10 sekund davomida ko‘rilgan tasvirlarning 63 foizini kishilar bir yil o‘tgandan keyin ham yaxshi eslashdi. E'tibor bering – ularga 10 sekundda 2500 surat namoyish etilgandi.
Axborotni xotiraga saqlash bo‘yicha vizual ketma-ketlik matn va og‘zaki tushuntirishga nisbatan olamshumul farqqa – effektivlikka egaligi ma'lum bo‘ldi. Odam 72 soatdan keyin og‘zaki yetkaziladigan ma'lumotning 10 foizini eslasa, tasvir orqali yetkazilgan ma'lumotning 65 foizini eslaydi.
Boshqacha qilib aytganda, bosh miya o‘z quvvatining yarmini ko‘zlar qabul qiladigan axborotni tahlil qilishga sarflasa, qolgan quvvatini tananing boshqa qismlariga taqsimlar ekan. Miya hatto matnni anglayotganda ham tasvirni tez anglash qobiliyatini ishga solar, ya'ni harf va so‘zlarni tasviriy ramzlar sifatida qabul qilishni odatga aylantirib olar ekan.
Bu muhim tabiiy jihatni axborotni o‘zlashtirish samaradorligini oshirishda qo‘llash ayni muddao.
Nega unda ahvol o‘sha-o‘sha?
Nega, shuncha texnik imkoniyatlar yuzaga kelgan bo‘lsa ham, hamon bolalar sinfxonalarda besamar og‘zaki darslarni tinglashga majbur qilinyapti? Nega ta'limning intensivligini bir necha baravar oshirish imkoni bo‘la turib, olamshumul imkoniyatlar ishga solinmayapti? Nega qotib qolgan ta'lim standartlari hamon g‘olib bo‘lib turibdi? Nega minglab, balki millionlab bolalardagi iste'dodlar hamon zavolga uchrayapti?
Nega harbiy xarajatlarga milliardlarni sarflovchi qudratli davlatlar tabiiy fanlarni qisqa vaqt mobaynida o‘quvchining zehniga singdirishi, vaqtni – bola umrini iqtisod qilishi mumkin bo‘lgan ko‘p o‘lchamli videodarsliklarni tayyorlab, dunyoni ta'minlamayapti? Axir, bu imkoniyatlarni ishga solib, maktablardan hozirgidan ko‘ra bir necha barobar ilmli – o‘zi yashayotgan dunyosini bir necha barobar yaxshiroq biladigan, his etadigan yangi avlodni yetishtirib chiqarsa bo‘ladi-ku? Bu savollarga aniq javob yo‘q. Aniq javob bo‘lmagan joyda esa farazlarga o‘rin beriladi.
Farazlar
O‘zligini va o‘zi yashab turgan dunyosini yuqori darajada biladigan, o‘zini ko‘p o‘lchamli dunyoda his etadigan, qaysi koordinata nuqtasida, qaysi davrda, nima uchun yashayotganini biladigan kishilardan iborat yangi avlod hozirda hukmron bo‘lib turgan tushunchalar tizimini qayta taftish qilish salohiyatiga ega bo‘ladi. Hozirda maktablarni bitirayotgan: o‘zi va atrof dunyo haqida deyarli hech narsa bilmaydigan, dunyoga ilmiy nazar sola olmaydigan, rangsiz, ta'bir joiz bo‘lsa – ikki o‘lchamli dunyoda o‘zini tasavvur etadigan, hech bir narsani tahlil qila olmaydigan avloddan farqli bunday ilmli avlod dunyoning yangi nizomi haqida o‘ylanishga, tamaddunga yangi nizom kerakligi to‘g‘risida fikr yuritishga qodir avlod bo‘ladi.
Hech kimdan so‘ramasdan...
Ammo, odatdagidek, hukumatlar miqyosida nazarga ilinmay yoki atay qilinmay turilgan ishlarni xususiy – davlatga aloqasi bo‘lmagan yakka shaxslar rivojlantirishga urinishmoqda. Bu urinishlar hozircha dunyo miqyosida ta'lim sohasini yangi bosqichga ko‘targani yo‘q, zero novatsiyalarni maktablarda ommaviy joriy qilish hamon hukumatlarning qo‘lida. Ammo, yaqin orada sifatli va kreativ uslubda ishlangan o‘quv filmlari ishlab chiqarish hamda masofadan ta'lim berish amaliyoti keskin tarzda rivoj topishini bemalol bashorat qilish mumkin, chunki bu jarayonning kurtaklari ko‘rinib qoldi.
Yaqin kelajakda sifatli ta'limni uydan chiqmasdan olish mumkin bo‘lishini, «ta'lim olish» degan siyqasi chiqib ulgurgan tushuncha ortda qolib, yangi texnik imkoniyatlar vositasida soha «dunyoni anglash» ma'nosini olishini bashorat etish ham o‘rinlidir.
Bunday ta'lim erkin – boshqaruv, cheklov, byurokratiya hamda sub'yektiv omillardan xoli bo‘lgani bois ilm-fanning yangi yutuqlarini tez o‘zlashtiruvchan, yangi g‘oyalarga ochiq, «tirik», jonli sohaga aylanadi.
Shu tarzda soha, hech kimdan izn so‘ramasdan, o‘z-o‘zini yuqori pog‘onaga olib chiqishi mumkin bo‘lib turibdi.
«Miya nima deydi?»
Yuzaga kelayotgan misli ko‘rilmagan imkoniyatlar yordamida bola qisqa vaqt mobaynida ko‘p bilimni o‘zlashtirishi mumkin. Bunday samara axborotning bir emas – bir nechta o‘lchamlarda, qiziqarli, dinamik tasvirlar shaklida bolaga yetkazilishi bilan, jarayon maroqli o‘tishi bilan ta'minlanadi.
Qisqa vaqt mobaynida ko‘p bilim olish miya uchun zararli emasmi?
Inson bosh miyasini o‘rganayotgan olimlarning e'tirof etishicha, informatsiyani qabul qilish va qayta ishlashdan bosh miya charchamaydi. Miyaning axborot qabul qilish imkoniyati esa benihoya ulkan bo‘lib, uni axborot bilan to‘ldirib bitkazish imkonsiz. Aksincha, axborot miya uchun o‘ziga xos ozuqa bo‘lib, axborotsiz qolgan miya inqirozga uchrashni boshlaydi.
Salk instituti (Salk Institute for Biological Studies) neyrofiziologlarining hisoblab chiqishicha, inson miyasi taxminan 5-20 petabayt ma'lumotni o‘zida sig‘dira olar ekan. Bu esa hozirda internetda mavjud bo‘lgan axborotning hammasi (!) deganidir, deyiladi eLife jurnalida nashr etilgan maqolada.
Tekshirishlar miyaning dunyodagi eng mukammal hisoblash mashinasi maqomini mustahkamladi – bor-yo‘g‘i 20 vatt quvvat sarflab, bizning nerv tizimimiz hozirgi superkompyuterlar uchun imkonsiz bo‘lgan axborotlar massivi bilan ishlaydi. Farazan, bunday kompyuter yaratilgan holda u bitta katta shahar sarflaydigan quvvatni talab qiladi. Olimlar endilikda miyaga «qarab» yuqori effektiv hisoblash mashinalarini yaratish haqida o‘ylashmoqda.
Miya zo‘riqishiga esa boshqa omillar – chigallarni yecha olmaslik, asabiylashish, xususan, axborotni tushunib ololmaslik natijasida yuz beradigan asabiylashish sabab bo‘ladi. Inchunun, ta'lim jarayoni sifatsiz bo‘lsa, og‘zaki darsni bola tushunib yetolmasa ham miya zo‘riqishi sodir bo‘ladi. Bunday talofatdan qochish uchun, qimmatli a'zo bo‘lmish miyani muhofaza qilish uchun bola organizmi himoya vositasini – e'tiborni jamlamaslik vositasini qo‘llaydi. Shunday ekan, bolalarda darsni tinglamaslik holatini kuzatsangiz, bu ularning beboshligidan emas – ular miyalarini zo‘riqishdan – tushunarsiz darsdan himoya qilyaptilar. Miya zo‘riqishi emotsional va psixologik holat bilan bog‘liq, deyishadi olimlar.
Jumladan, hayot tarzi, dunyoqarash torligi, jamiyatdan ajralish, jismoniy va intellektual nofaollik, rivojlanishni istamaslik kishi o‘zi qiziqmagan ish bilan shug‘ullanishi va miya faoliyati sustlashishiga olib keladi.
Inchunun, ta'lim jarayonini qiziqarli qilish, ko‘p o‘lchamli tasvirlar ketma-ketligi orqali mavzularni qiziqarli qilib yetkazish bola miyasi uchun «yengil hazm bo‘ladigan ozuqa» bo‘lib, bunda dars bolaning fanlarga qiziqishi muttasil tarzda ortib borishiga ham xizmat qiladi.
«Quloqsiz bola» fenomeni
Bolalarning xarakteri turlicha. Ammo ular bilan sodir bo‘ladigan ba'zi holatlarni umumlashtirsa bo‘ladi. Xususan, bolalarda bizga yoqmaydigan – salbiy holatlarning bir qismi ularning qiziqishlari qondirilmasligi sababidan bo‘ladi.
Tabiatida dunyoni tadqiq etish istagi va bunga iqtidori bor bo‘lgan inson bolasi uchun mazkur istakni sifatli qondirish – bola shaxsiyati uyg‘un shakllanishi uchun muhimdir. Avvallari turmush tarzi hozirgidan ancha sodda bo‘lgani bois, bola atrofini anglashi va atrof-dunyo bilan uyg‘unlikka erishishi osonroq bo‘lgan. XXI asrga kelib hayot tarzi birmuncha murakkablashgani, chor-atrofda mohiyatiga yetish qiyin bo‘lgan narsalar bisyor bo‘lgani e'tiboridan ta'lim bunday voqelik talabiga javob berishi – bolaga yordam berishi favqulodda ahamiyat kasb etadi.
Zero, bunday fundamental ehtiyojning – dunyoni anglash ehtiyojining qondirilmasligi yangi avlodning o‘zi yashayotgan dunyosi bilan uyg‘unlikka kela olmasligi, voqelik bilan ziddiyatga borishi, buning oqibatida turfa salbiy natijalarga olib keladi va olib kelmoqda ham. Sifatli va maroqli ta'lim esa buni tuzatishga qodir.
Standartlarning ojizlashuvi
Yangi yaxborot texnologiyalari ta'lim sifati va tezligini oshirishi bilan birga olamni – voqelikni o‘rganishda biryoqlamalik dardidan xalos bo‘lish imkoniyatini yaratadi. Bir narsa yoki hodisaga bitta, ko‘pincha sub'yektiv bo‘lgan qarashga tobe bo‘lib qolishdek salbiy holatdan ketish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Endi o‘rganmoqchi bo‘lgan narsangiz haqida turli ma'lumot va qarashlar bilan tanishib, keyin o‘z xulosangizni hosil qilishingiz mumkin bo‘ldi. Bu esa kishini dunyoni xolis va ongli ravishda anglashga yo‘l ochadi.
Xulosa o‘rnida
Ta'limning hozirgi ko‘rinishi, ayniqsa biz kabi ta'lim ko‘rinishi va dasturlari eskirib qolgan mamlakatlarda, unib kelayotgan avlod salohiyatining bir misqol qismini yuzaga chiqaryapti, xolos. Qolgani havoga uchib ketyapti, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng qiziq jihati – biz buni bilamiz. Aksar bolalarimiz maktablarimizdan dunyo haqida aytishga arzigulik bilimga ega bo‘lmasdan chiqayotganini ham bilamiz. Ayni shu chog‘da «deraza ortida» mutlaqo yangi imkoniyatlar shakllanib, gavdalanib, «eshik taqillatib» turibdi. Ular ishlatilsa, bolangiz qisqa vaqt ichida o‘zini o‘zgacha bir – ko‘p o‘lchamli dunyoda his etishi mumkin bo‘ladi.
Shokir Sharipov
Manba: Kun.uz