Yakuniga yetgan 2020 yil barcha sohalar qatori ta’lim tizimidagi an’anaviy jarayonlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, oliy ta’lim tizimiga qabul uchun test jarayonlari ham yangicha shakl va sharoitda bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, talabalar onlayn o‘qishi, foydalanishi uchun onlayn platforma yaratildi.
Ayni shu masalalar va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan fikrlar yuzasidan oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Inomjon Majidov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Oliy ta’lim tizimi oldida doimo yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdek mas’uliyatli vazifa turadi, – deydi Inomjon Majidov. – Pandemiya tufayli ko‘plab rejalarimizni o‘zgartirish, ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’limni masofaviy (onlayn) ta’lim shakliga o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Ammo ta’limning an’anaviy va ilg‘or texnologiyalariga o‘tishga bo‘lgan tayyorgarlik ishlari bir daqiqa ham to‘xtamadi. O‘tgan 2020 yil hammamiz uchun sinovli bo‘ldi.
Ammo yurtimizda pandemiyaning chekinayotgani tufayli talabalar va ularning ota-onalari bildirgan takliflarni inobatga olgan holda har bir oliy ta’lim muassasasining ta’lim yo‘nalishi xususiyatidan kelib chiqib, hozirgi vaqtda o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich 2020 yil 16 noyabr – dushanba kunidan an’anaviy ta’lim shaklida davom ettirishga qaror qilindi.
Ta’limning an’anaviy shaklda tashkil etilishi, albatta, oliy ta’lim muassasasi jamoasiga qo‘shimcha mas’uliyat va vazifalar yuklaydi. Shu bois ham, avvalo talabalarning sog‘lig‘ini asrash, ularning sifatli ta’lim olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish choralari ko‘rildi.
Har bir oliy ta’lim muassasasida hududiy Sog‘liqni saqlash birlashmalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari jalb qilingan holda tezkor shtab tashkil etildi.
Kurslar bo‘yicha o‘quv jarayonini tashkil etish sxemasi ishlab chiqilib, tabaqalashtirilgan vaqt soatlari asosida dars jadvallari tuzildi.
Afsuski, pandemiya sharoitida yashash, mehnat qilish va o‘qishga ko‘nikishimiz, eng asosiysi – farzandlarimiz sifatli ta’lim olishni davom ettirishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishimiz kerak. Farzandlarimizning sifatli ta’lim olishi va yetuk kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barchamiz birday mas’ulmiz.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq turli gaplar, fikrlar bildirilmoqda. Shu bois ta’lim jarayonini tashkil etishda haftalik o‘quv kunlari oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilanishi xususida aytib o‘tsam.
Haftalik o‘quv kunlari o‘quv rejasidagi haftalik yuklamalar asosida belgilanadi. bugungi kunda o‘quv rejalaridagi fanlarga ajratilgan haftalik yuklamadan kelib chiqadigan bo‘lsak, haftalik o‘quv kuni 5-6 kunga to‘g‘ri keladi. Bunda talabaning hamda professor-o‘qituvchining kunlik yuklamasi ham oshib ketmasligi lozim.
Barcha oliy ta’lim muassasalari tomonidan o‘quv jarayonini an’anaviy tarzda boshlash bo‘yicha grafik ishlab chiqilgan. Grafik asosida 2021 yil 11 yanvardan barcha OTMlarning tegishli kurslarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklda boshlanadi.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, OTMlarda an’anaviy darslar o‘tgan 2020 yil 16 noyabrdan boshlangan. Hamma OTM o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib grafik ishlab chiqqan va bundan keyin ham shunday chorani ko‘radi. Joriy yil 11 yanvarda qishki ta’til tugaydi va darslar yana davom ettiriladi.
Ayrim bemor talabalar yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar o‘qishlarini onlayn shaklda davom ettirishi mumkin. Bunda ularning ahvoli OTM rahbariyati tomonidan alohida o‘rganib chiqiladi va xulosa qilinadi.
Shu bilan birga juda ko‘pchilikni qiziqtirgan to‘lov-kontrakt miqdorining oshishi yoki oshmasligi masalasi ham muhim bo‘lib turibdi.
Ma’lumki, 2021 yil 1 fevraldan boshlab respublikamizda ish xaqi va stipendiyalar miqdorlari 10 foizga oshirilishi belgilandi. Pandemiya sharoitida respublika aholisining to‘lov qobiliyati pasayganligini hisobga olib, farzandi davlat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarga yengillik yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy o‘quv yilidagi amaldagi to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz saqlab qolinayapti. Bu aholi, talabalarimiz uchun eng quvonchli va foydali xabardir. Bu yilda ham tizimdagi islohotlar jadal davom etadi.
Talabalarimiz ham shunga javoban, o‘z ustida muntazam ishlab, shu yurt koriga yaraydigan mutaxassis bo‘lishga intilishi lozim. Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi