Imtiyozli ravishda talaba bo‘lgan yosh sportchilar kasbiy imtihonlardan o‘ta olmagan holatlar bor - Bosh prokuratura


Imtiyoz asosida talabalikka tavsiya etilgan 1921 sportchidan 41 nafari kasbiy imtihon talablarini umuman bajarolmagan, 213 nafari maksimal ballning 36 foizini ham to‘play olmagan, 147 nafari turli bahonalar bilan sinovlardan bo‘yin tovlagan.

Bosh prokuratura tomonidan Turizm va sport vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlariga oliy ta'lim muassasalariga kirish imtiyozining berilishi bo‘yicha o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Idora matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganish davomida oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli asosda tavsiya etilgan 1 921 nafar sportchi kasbiy (ijodiy) imtihondan o‘tkazilgan.

Biroq ishtirokchilarning 213 nafari maksimal ballning 36 foizini ham to‘play olmagan bo‘lsa, 41 nafari ijodiy imtihon talablarini umuman bajara olmagan. Bunday holatlar asosan chim ustidagi hokkey (19 nafar), taekvondo (21 nafar), eshkak eshish (65 nafar) va futbol (70 nafar) sport turlarida kuzatilgan.

Bundan tashqari, imtiyoz asosida talaba bo‘lgan “sportchilar"ning 147 nafari turli bahonalar bilan (masalan, hozir sport bilan shug‘ullanmay qo‘ygani va hokazo) imtihonlarda ishtirok etmagan.
“Milliy chempionatda sovrinli o‘rinlarni egallagan imtiyoz sohiblarining o‘z yo‘nalishida ijodiy imtihondan o‘ta olmaganligi ushbu musobaqalar va ularning natijalari xususida tegishli xulosa qilishga asos bo‘ladi. Sohada berilayotgan imtiyozlarning qonunosti hujjatlarida belgilanayotganligi va ko‘p marotaba o‘zgarayotgani muammolarga olib kelmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyaning 18-moddasiga asosan, imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanadi. Hozir sport sohasidagi yutuqlari uchun imtiyozlar 4 ta qonunosti hujjatlarida belgilanib, deyarli har yili imtiyozlarning qo‘llanishi bo‘yicha yangicha tartiblar belgilangan. Bu boradagi xorijiy davlatlar tajribasi aksariyat mamlakatlarda sport sohasi bo‘yicha imtiyozlar qonunlarda belgilanganini ko‘rsatdi",–  deydi Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov.

Avvalroq so‘nggi uch yilda OTMga imtiyozli ravishda talaba bo‘lganlar soni 5 baravarga ortgani, davlat oliy ta'lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz qabul qilish huquqini beruvchi musobaqalar sun'iy ko‘paytirib yuborilgani aytilgandi.

Qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz talaba bo‘lganlarning xalqaro musobaqalardagi natijalari yildan yilga pasayib borgan. 2018 yilda imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilingan sportchilarning 44 nafari (10,5 foizi) Osiyo va jahon chempionati g‘olib va sovrindori bo‘lgan, 2021 yilda esa atigi 13 nafar sportchi (0,6 foiz) ana shunday natijaga erishgan.