Ijtimoiy tarmoqlarda ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga hujjat topshirayotgan nomzodlar uchtaga qadar oliy ta’lim muassasasini tanlashi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.
Yagona ta’lim xizmatlari portali mutaxassisi ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. Amaldagi tartibga ko‘ra, ikkinchi mutaxassislikka ariza topshirayotgan talabgor faqat bitta oliy ta’lim muassasasini tanlashi mumkin.
Hujjatlar qachongacha qabul qilinadi?
2026/2027-o‘quv yili uchun ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limga qabul jarayoni 10-iyul kuni boshlangan.
Nomzodlar arizalarini 2026-yil 10-avgustga qadar my.edu.uz platformasi orqali elektron shaklda yuborishi mumkin.
Ariza topshirish uchun nimalar kerak?
Talabgor my.edu.uz platformasida quyidagi ma’lumotlarni kiritishi lozim:
- fuqarolik pasporti yoki ID karta ma’lumotlari;
- bakalavriat bosqichini tamomlaganlik haqidagi diplom ma’lumotlari.
Bir talabgor bir vaqtning o‘zida bir nechta OTMni tanlay olmaydi. Shu sababli arizani tasdiqlashdan oldin universitet, ta’lim yo‘nalishi va qabul talablarini diqqat bilan o‘rganish tavsiya etiladi.
Xorijiy diplomga qanday talab qo‘yiladi?
Xorijiy davlatlardagi ta’lim muassasalari tomonidan 1992-yil 1-yanvardan keyin berilgan diplomlar belgilangan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.
Nostrifikatsiyadan o‘tkazilmagan xorijiy diplom bilan ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirishda muammo yuzaga kelishi mumkin.