IIV akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga kimlar qabul qilinadi?


Ichki ishlar vazirining buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2941, 2017 yil 27 oktyabr) bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, IIV Akademiyasining Serjantlar tarkibini tayyorlash bo‘yicha oliy kurslari negizida Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tashkil etilgan (2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216 son Prezident qarori).

Fakultetga O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi Qonun talablariga javob beradigan, yoshi 18-30 bo‘lgan, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ma’lumotga ega bo‘lgan, harbiy xizmatni o‘tagan (erkaklar uchun), sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra va jismoniy tayyorgarligi bo‘yicha ichki ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqli deb topilgan, dastlabki va maxsus-professional tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslar (shu jumladan, ichki ishlar organlarining xodimlari) qabul qilinadi.

Ichki ishlar organlarining ofitserlar tarkibi xodimlarini tayyorlash yo‘nalishida oliy ma’lumotli shaxslar 6 oy o‘qiydi, serjantlar tarkibi xodimlarini tayyorlash yo‘nalishida esa o‘rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma’lumotli shaxslar 5 oy o‘qiydi.

Fakultetga o‘qishga qabul qilish kvotalari ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi. Fakultetga o‘qishga qabul qilish uchun tanlovlarni o‘tkazish muddatlari va qabul qilish shartlari OAV, shuningdek Akademiyaning saytida e’lon qilinadi.

Fakultetga tinglovchilarni qabul qilish dastlabki tanlov va maxsus-professional tanlov asosida amalga oshiriladi.

Dastlabki tanlov

Dastlabki tanlov quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
  • dastlabki yakka tartibdagi suhbat;
  • umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;
  • tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.

Fakultetga o‘qishga kirish uchun fuqarolarning arizalari (ichki ishlar organi xodimlarining bildirgilari) qabul yilining 15 fevralidan 15 apreligacha qabul qilinadi.

Fuqarolarning arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:

  • pasport nusxasi;
  • tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi;
  • yaqin qarindoshlarining pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, nikoh tuzilganligi haqida guvohnomasi, nikohdan ajralganlik haqida guvohnomasi, vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘lim haqida guvohnomasi nusxalari;
  • 3x4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) va 9x12 sm o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
  • nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
  • anketa;
  • o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) va o‘zini-o‘zi boshqarish organidan tavsifnoma va ma’lumotnoma;
  • ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatlar va ularning baholar ko‘rsatilgan ilovalari nusxasi;
  • harbiy guvohnoma nusxasi;
  • mehnat daftarchasi nusxasi (agar mavjud bo‘lsa).

Ichki ishlar organi xodimlarining bildirgisiga kuyidagilar ilova kilinadi:

  • yaqin qarindoshlarining pasporti, tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, vafot etganlar bo‘lsa, ularning o‘lim haqida guvohnomasi nusxalari;
  • 3x4 sm o‘lchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) va 9x12 sm o‘lchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz).

Dastlabki yakka tartibdagi suhbat nomzod ariza (bildirgi) bilan murojaat qilgan kundan boshlab 10 kun ichida o‘tkaziladi.

Suhbat o‘tkazilgandan keyin 15 kun ichida Nizomda keltirilgan metodikaga muvofiq nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi baholanadi. Umumjismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma beriladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha nomzodning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra ichki ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Xizmatga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar maxsus-professional tanlovga qo‘yilmaydi.

Maxsus-professional tanlov

Maxsus-professional tanlov quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • hujjatlarni o‘rganish;
  • tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
  • ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqatini baholash;
  • yakuniy yakka tartibdagi suhbat.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha sog‘lig‘i holatiga ko‘ra nomzodning ichki ishlar organlarida xizmat qilishga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Xizmatga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar maxsus-professional tanlovning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Nomzodlarning ichki ishlar organlarida xizmatga kasbiy-psixologik layoqati Nizomda keltirilgan metodikaga muvofiq baholanadi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat Nizomda keltirilgan metodika asosida o‘tkaziladi.

IIV akademik litseylarining bitiruvchilari bo‘lgan nomzodlarga xizmatga kasbiy-psixologik layoqatini baholash va yakuniy suhbatda to‘plagan umumiy ballarining 20 foizi mikdorida imtiyoz balli qo‘shib beriladi.

Xizmatga kasbiy-psixologik layoqatini baholash va yakuniy suhbat natijalarining umumiy yig‘indisiga ko‘ra nomzodni Fakultetga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Natijalardan norozi bo‘lgan nomzodlar 3 ish kuni ichida apellyatsiya shikoyatlarini berishi mumkin. Apellyatsiya komissiyasi ularni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.


Manba: norma.uz