Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining Nukus filiali tashkil etiladi


Filialda ta'lim olish Akademiyada ta'lim olishga tenglashtirilib, uning bitiruvchilariga Akademiya bitiruvchilari uchun nazarda tutilgan diplom beriladi.

O‘zbekiston prezidentining «Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining Nukus filiali tashkil etiladi.

Qarorda belgilanishicha: 

  • Filialda to‘laqonli o‘quv jarayoni Akademiyaning bakalavriati dasturi bo‘yicha kunduzgi ta'lim shaklida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi;
  • Filialda ta'lim olish Akademiyada ta'lim olishga tenglashtirilib, uning bitiruvchilariga Akademiya bitiruvchilari uchun nazarda tutilgan diplom beriladi;
  • Filialda o‘qish uchun nomzodlar dastlabki bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, keyinchalik respublikaning boshqa hududlarida doimiy yashovchi shaxslar orasidan tanlab olinadi;
  • Filialga o‘qishga qabul qilish kvotasi Akademiyaga umumiy qabul kvotasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda belgilanadi.

Shuningdek, hujjatga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutiga yuridik shaxs maqomi berildi va quyidagilar uning faoliyati asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • Ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha serjantlar tarkibi xodimlarini jamoat xavfsizligini ta'minlash faoliyatini tashkil etish sohasida maxsus kasbiy tayyorlash;
  • ichki ishlar organlarining safdor va ofitserlar tarkibidagi lavozimlariga birinchi marta tayinlangan xodimlarni boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv dasturlari asosida o‘qitish;
  • ichki ishlar organlarining barcha toifadagi xodimlarini innovatsion axborot va pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda, shu jumladan, turdosh yo‘nalishdagi respublika oliy ta'lim muassasalari bazasida qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.

Ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari tugatilib, ularning shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi Malaka oshirish institutiga o‘tkazildi.

Akademiyaning kasbiy tayyorgarlik fakulteti Malaka oshirish instituti tarkibiga o‘tkazildi.

Shunday tartib o‘rnatildiki, unga muvofiq:

  • Malaka oshirish institutining kasbiy tayyorgarlik fakultetida besh oylik dastur bo‘yicha ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlariga nomzodlarni maxsus kasbiy tayyorlash amalga oshiriladi;
  • kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul 200 nafargacha bo‘lgan kvotalar doirasida tanlov asosida amalga oshiriladi hamda ta'lim oluvchilarga o‘rnatilgan tartibda stipendiya to‘lanadi va moddiy ta'minot belgilanadi;
  • kasbiy tayyorgarlik fakultetini tamomlagan xodimlarga «kichik serjant» maxsus unvoni hamda belgilangan namunadagi diplom beriladi.