Ibrat maktabini a’loga bitirganlar OTMga imtihonsiz grantga qabul qilinadi


Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 3-may kuni To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon Ibrat majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur majmua davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan, 2017-yil iyul oyidagi tashrif chog‘ida ham bu yerdagi qurilish ishlari ko‘zdan kechirilgan edi. Ikki gektardan ziyod maydonni egallagan ushbu majmua so‘lim bog‘, muzey va maktab-internatni o‘z ichiga olgan.

Shavkat Mirziyoyev Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab-internatni kirib ko‘rdi.

Shavkat Mirziyoyev shunday ma’rifatparvar alloma nomi bilan ataluvchi maktab har tomonlama namunali bo‘lishi, bir nechta xorijiy tillarni bilgan zamonaviy kadrlarni tarbiyalashi zarurligini ta’kidladi.

— Til bilish bu — boylik. Til bilgan inson dunyoni biladi, hech qachon kam bo‘lmaydi. Ota-bobolarimiz shunday bo‘lgan, bu bizning qonimizda bor. Yoshlarimizda shunday intilishni uyg‘otishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xorijiy tillar bo‘yicha ilmiy ishlar qilish, til o‘rgatish metodologiyasini takomillashtirish, maktab-internatda darslarni shu asosda olib borish kerakligi qayd etildi.



Maktabda ingliz, nemis, fransuz, rus, arab, xitoy, koreys tillari filologiyasi o‘qitiladi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Dars jarayoniga chet ellik ko‘ngillilar ham jalb etiladi.

Prezidentimiz Ibrat maktabini a’lo baholarga bitirgan o‘g‘il-qizlarni oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilish va grant asosida o‘qitish bo‘yicha topshiriq berdi.

— Ibrat maktabi nafaqat Namangan viloyati, balki butun mamlakatimizga xizmat qilishi kerak. Bu yerdagi sharoitlarni, o‘quvchilarning bilimini ko‘rib, hamma ota-onalar havas qilsin. Xohlasa, yoshlar boshqa viloyatlardan kelib o‘qisin, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari Is’hoqxon Ibrat muzeyi bilan tanishdi. Majmuadan o‘rin olgan ayvonda viloyat ziyolilari bilan suhbatlashdi.

Manba: xabar.uz