Ibn Sino nomidagi xalqaro tibbiyot olimpiadasi o‘tkaziladi


Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fani tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi (PQ-4310, 06.05.2019 y.) Bu haqda adliya vazirligining kanalida ma’lumot berib o‘tildi.

Qaror bilan tibbiyot va farmatsevtika ta’limi va ilm-fanini yanada rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari belgilandi.

Unga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika kadrlarini tayyorlash va uzluksiz kasbiy ta’lim jarayonlariga o‘qitishning kredit-modul tizimi joriy etiladi.

Ehtiyoj yuqori bo‘lgan tor mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar bir yildan kam bo‘lmagan muddatda birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslarida tayyorlanadi.

2019 yil 1 dekabrgacha Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy saytida «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus portali yaratiladi.

Mazkur portal malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida ta’lim olayotgan har bir tibbiyot va farmatsevtika xodimini monitoring qilish va o‘qitish hajmini shaxsiy hisobga olish imkoniyatini ta’minlaydi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi klinikalari negizida Toshkent tibbiyot akademiyasining Ko‘p tarmoqli klinikasi hamda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida o‘quv-simulyasion markazlari tashkil etildi.

2019/2020 o‘quv yilidan sog‘liqni saqlash vaziri tasdiqlaydigan ro‘yxatga ko‘ra, respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlaridagi birlamchi sog‘liqni saqlash bo‘g‘inlarida uch yildan kam bo‘lmagan muddat ishlab bergan shifokorlarga klinik ordinaturaga kirishda yig‘ilgan ballar summasidan 30 foiz miqdorida qo‘shimcha ballar beriladi.

2020 yildan har yili tibbiyot va farmatsevtika talabalari va tibbiyot kollejlarining o‘quvchilari orasida klinik fanlar bo‘yicha Ibn Sino nomidagi xalqaro tibbiyot olimpiadalari, shuningdek, yosh olimlar orasida Ibn Sino nomidagi xalqaro ilmiy tanlovlar o‘tkaziladi.