Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida bo‘lib o‘tgan qator uchrashuvlarda turli davlatlar delegatsiyalari bilan ta’lim sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi, deya xabar bermoqda O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov mamlakatimizda ta’limning barcha bosqichida kechayotgan islohotlarning pirovard maqsadi mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy jabhalari uchun yuksak professional mahoratga ega, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash ekanini ta’kidladi.
Acumen Education (Buyuk Britaniya) kompaniyasi ijrochi direktori Mark Labovich rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Britaniya bilan oliy ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yetakchilik qobiliyatlariga ega bo‘lgan, zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yetuk mutaxassislarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
La’l Bahodir Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori, professor Chander Shekxar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda davlatlar o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Uchrashuv davomida professor Chander Shekxar Hindiston oliy ta’lim muassasalariga o‘zbekistonlik yoshlarni qabul qilish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi.
Koreya Respublikasining Shinxan universiteti hamshiralar kolleji dekani Yang Singi, bioekologik salomatlik kolleji dekani Kim Yangsung bilan bo‘lgan uchrashuvda tibbiy ta’lim, ya’ni hamshiralar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash borasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari haqida batafsil so‘z bordi.
Muloqotlar natijasida sohada xalqaro hamkorlikni tobora kengaytirishning istiqbollari belgilandi.