Harvard professori AKFA universitetiga tashrif buyuradi


Shu yilning 24 avgust kuni poytaxtimizda AKFA universitetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda nafaqat yurtimizda faoliyat yuritayotgan tibbiyot sohasi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va olimlar, balki xalqaro miqyosda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shifokorlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shulardan biri Harvard tibbiyot maktabi dekani o‘rinbosari Doktor Erik K.Aleksandrdir. Bu haqda kun.uz xabar bermoqda.

Ochilish marosimida professor nutq so‘zlab, universitetning kelgusi faoliyatiga omad tilash istagida ekanini bildirgan. Tashrif davomida doktor Erik talaba yoshlar bilan uchrashib, Garvarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishtiradi. Shu bilan birga, u yoshlarga taqdim etilgan grantlar, Amerikaning mashhur klinikalarida tajriba almashish imkoniyati hamda talabalar almashinuvi dasturi bo‘yicha to‘liq ma'lumotlar beradi.

Uzoq yillar davomida “Brigham&Women’s Hospital"da faoliyat yuritgan mutaxassis buqoq kasalliklarini davolash va profilaktika qilish yo‘nalishida bir qator ilmiy izlanishlar olib borgan. Uning 40 ziyod ilmiy maqolalari xalqaro jurnallarda chop etilgan.

Professor Amerika treoid uyushmasi direktorlar kengashi a'zosi hisoblanadi. Harvard tibbiyot maktabi dekani o‘rinbosari bo‘lish bilan birga u, Brigham Education Institute ijrochi direktori hamda qalqonsimon bez kasalliklari bo‘limi rahbari hamdir.

Doktor Erikning O‘zbekistonga qilgan tashrifi davomida AKFA universiteti rahbariyati AKFA universiteti hamda Harvard tibbiyot maktabi o‘rtasida AKFA universiteti talabalarining kelgusida talabalar almashinuvi, hamda Harvard klinikalarida qisqa muddatli stajirovka o‘tash dasturlari va boshqa hamkorlik loyihalari bo‘yicha muzokaralar olib borishi rejalashtirilgan.

Uchrashuvlar AKFA Medline ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib o‘tadi. Uning doirasida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtiran savollariga batafsil javob olishlari mumkin.

Yorqin kelajakka yuz tutgan AKFA universitetining bo‘lg‘usi bitiruvchilari xalqaro maydonda bor iste'dodini ko‘rsata olish bu juda katta imkoniyat.