FAVQULODDA VIDEOSELEKTOR YIG‘ILISHI TO‘G‘RISIDA


O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari B.Musayev boshchiligida Toshkent davlat iktisodiyot universitetida talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish masalasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlari, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash, Qurilish vazirliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, oliy taʼlim muassasalari rektor va prorektorlari ishtirok etdilar.

Muhokama jarayonida oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlari, dekan, shuningdek, yoshlar bo‘yicha yetakchilari tomonidan talabalarning yashash sharoitlarini tahlil qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi tanqid qilindi.

Xususan, talabalar ijarada qayerda yashamoqda, kimnikida turibdi, yashash sharoiti qanday, darsdan keyin nima ish bilan mashg‘ul bo‘ladi, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazadi, bu talabalarning o‘qish jarayoniga qanday taʼsir ko‘rsatmoqda kabi jiddiy masalalar ko‘rib chiqildi.

Ayniqsa, masʼullar tomonidan talabalarning xususiy uy-joylarda yashash sharoitlari bilan bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganilmayotganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Talabalar tomonidan ijaraga olinayotgan xonadonlarning yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik talablariga javob bermasligi, talabalarda birlamchi yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik bo‘yicha bilimlarining yetarli emasligi natijasida turli noxush hodisalar ro‘y bermoqda.

Muhokama majlisida ijarada turadigan talabalarning va ijara beruvchi fuqarolar o‘rtasida munosabatni shaffoflashtirish, ijara uchun berilgan uy-joylarning holati, ota-onalar va talabalar uchun ijara uchun beriladigan uy-joylar to‘g‘risida yagona axborot tizimini yaratish kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Muhokama natijasida quyidagilarni amalga oshirishga kelishib olindi:

Birinchidan, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va xarakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish" yuzasidan qo‘shma qarorini qabul qilish;

qo‘shma qarorda har bir hududda Ishchi guruh tuzib, ijarada va yaqin qarindoshinikida yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimini joriy qilish;

Ikkinchidan, har bir hudud kesimida talabalar turar joylari va ijaradagi talabalarning yashash sharoiti va turar joyi holatini, ayniqsa yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik talablariga mos kelishini to‘liq tanqidiy va tahliliy o‘rganish;

Uchinchidan, oliy taʼlim muassasalari prorektorlarining lavozim vazifalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning talabalar turar joyi va ijarada yashaydigan talabalar bilan ishlash tizimini yaratish;

To‘rtinchidan, Favqulodda vaziyatlar vazirligining joylardagi boshqarma va bo‘limlari bilan birgalikda har bir talabalar turar joyidagi yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik xavfsizlik masalalarini o‘rganib chiqish;

Beshinchidan, talabalarga birlamchi yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik masalalari bo‘yicha yetarli tushuntirishlar berish;

Oltinchidan, ijarada turadigan talabalar bilan guruh murabbiylari, profilaktika inspektorlari va mahalla masʼullari tomonidan hamkorlikda olib boriladigan profilaktik tadbirlar qamrovi va sifatini oshirish;

Yettinchidan, viloyat markazlariga yoki Toshkent shahriga uzoq tumanlar va boshqa viloyatlardan oliy taʼlim muassasasiga o‘qishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish mexanizmini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

Sakkizinchidan, oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan talabalarning ehtiyojidan kelib chiqib, talabalar turar joylarini qurish yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturni takomillashtirish.

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va xarakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish" yuzasidan qo‘shma qarorga muvofiq tuzilgan Ishchi guruhlar joriy yilning 1 martidan o‘z faoliyatini boshlaydi.

Mazkur masala har hafta Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat va tahlil qilib boriladi.

Manba: Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining matbuot xizmati