Farg‘onalik talabalar: imtihondan o‘ta olmaganlar rus tilini puxta egallash sharti bilan o‘qishda qoldirildi


Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti va Kuban davlat tibbiyot universiteti hamkorligida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar va ularning ota-onalari murojaati ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan edi.

Unda Kuban davlat tibbiyot universitetida «Stomatologiya» yo‘nalishida o‘qishni davom ettirish uchun tashkil etilgan imtihonlarda yetarli ball to‘play olmagan ayrim talabalarning noroziligi aks etgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan xabar berdi.

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab Rossiyaning Kuban davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda «Davolash ishi» va «Stomatologiya» qo‘shma ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilgan.

2019-yil 27-martda ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga muvofiq, o‘qishga qabul qilingan talabalarning «Davolash ishi» yo‘nalishi bo‘yicha 3 yil O‘zbekistonda va 3 yil Rossiya Federatsiyasida, «Stomatologiya» yo‘nalishida esa 3 yil yurtimizda hamda 2 yil Rossiyada ta’lim olishi belgilangan.

2021-2022-o‘quv yili yakuni bo‘yicha «Stomatologiya» yo‘nalishida 46 nafar, «Davolash ishi» yo‘nalishida 40 nafar talaba 3-bosqichni bitirib, 2022-yil 21-avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Kuban davlat tibbiyot universitetiga o‘quv yurti mutasaddilari boshchiligida yuborilgan.

25-avgust kuni Kuban davlat tibbiyot universitetida «Stomatologiya» yo‘nalishi bo‘yicha 3-bosqichini bitirgan talabalaridan imtihon olinganda, 46 nafaridan 25 nafari belgilangan ballni to‘plab, o‘qishni davom ettirishga tavsiya etilgan. Qolgan 21 nafar talaba belgilanganidan past ball jamg‘argani uchun imtihondan o‘ta olmagan.

Shundan so‘ng ushbu talabalar va ularning ota-onalari tomonidan bildirilgan murojaat asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Rossiya tomoni, jumladan, Kuban davlat tibbiyot universiteti ma’muriyati bilan tegishli muzokaralar olib bordi. Natijada imtihondan o‘ta olmagan talabalar rus tilini puxta egallash sharti bilan ushbu universitetda o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi, deyiladi xabarda.