Fargʻonada Koreyaning nufuzli universiteti filiali ochiladi


Koreya Respublikasining JEI universiteti prezidenti Li Ji Vu boshchiligidagi delegatsiya Fargʻona viloyatida boʻlib, oliy taʼlim sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida muzokaralar olib bordi.

Dastlab delegatsiya aʼzolarini Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyev qabul qildi. Mehmonlarga viloyatda Koreya Respublikasi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar, oliy taʼlim sohasidagi ishlar xususida maʼlumot berildi. JEI universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyilayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlandi. “Yoʻl xaritasi" doirasida viloyatda Koreya Respublikasining JEI universiteti filialini ochish rejalashtirilgan, deb yozadi O‘zA.

Mehmonlar Fargʻona davlat universiteti hamda Fargʻona politexnika institutida ham boʻlib, samimiy muloqot olib bordi. Ular oliy oʻquv yurtlarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Muzokaralar natijasida JEI universitetining filialini ochish yuzasidan memorandum imzolandi.