Fanlarni o‘zlashtira olmagan talabalar kursda qoldiriladi


Oliy ta’lim muassasalarida yangi tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, fanlarni belgilangan muddatda o‘zlashtira olmagan talabalar (akademik qarzdorlar) oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i asosida kursda qoldiriladi.

Bu haqda tegishli buyruq Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi vaziri Inom Majidov tomonidan imzolandi.

Jumladan, buyruqning 46-bandiga ko‘ra, fanlarni belgilangan muddatda o‘zlashtira olmagan talabalar (akademik qarzdorlar) oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i asosida kursda qoldiriladi.

Uzrli sabablar bilan o‘quv reja talablarini bajarmagan talabalarga yangi o‘quv yili boshidan akademik qarzdorliklarni topshirish uchun alohida reja taqdim etiladi.

Biroq oliygoh ma’muriyati tomonidan ichki tartib qoidalarini yoki oliy ta’lim muassasi nizomini buzganlarni talabalar safidan chiqarib bo‘lmaydi. Shuningdek, talabalar kasal bo‘lgan paytlarda, ta’til, akademik ta’til, homiladorlik va bola tug‘ish ta’tillari paytlarda talabalar safidan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabalar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan holatlarda, ushbu huquqbuzarlik aniqlangan paytdan boshlab bir oy muddat ichida yoki huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab olti oy muddat kechikmagan holatlarda intizomiy jazo choralar qo‘llanishi mumkin. Bunda talabaning kasal bo‘lgan yoki ta’tilda bo‘lgan vaqtlar hisobga olinmaydi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilda oliy ta’lim muassasalariga 729,9 ming (2016 yilda — 663,3 ming) nafar abituriyent hujjat topshirgan. O‘rtacha tanlov 1 o‘ringa 11,0 (2016 yilda — 11,1) tani tashkil etgan. Test sinovlari 1 080 ta binoda joylashgan maxsus 21,7 ming ta auditoriyada o‘tkazildi. Keyinchalik imtihon natijalaridan norozi bo‘lgan 4 mingdan ortiq abituriyentlardan apellyatsiya shikoyati qabul qilingan.


Manba: sof.uz