«Eski» abituriyentlardan tushgan pullar miqdori 53 milliard so‘m atrofida – DTM


28 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Davlat test markazi direktori Majid Karimov ishtirokida jurnalistlar uchun brifing o‘tkazildi.

Bu yildan avvalgi yillarda ham hujjat topshirgan abituriyentlardan hujjat qabul qilishda EKIHning yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov undirilgan.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, shunday to‘lovlar orqali jami 53 milliard so‘mga yaqin mablag‘ to‘plangan. Test sinovlarida yaratilayotgan sharoitlar ana shu mablag‘ hisobidan amalga oshiriladi. Faqatgina ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlarning 10 mingdan ziyodi noto‘g‘ri to‘lovni amalga oshirishgan. Ularning barchasiga mablag‘lari muammosiz qaytarib beriladi.

Davlat test markazi mas'ullarining aytishicha, markaz tomonidan test jarayonlariga tayyorgarlik ishlari noyabr oyidan boshlanadi. Test savollarini shakllantirish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligi, Xalq ta'limi vazirliklari, Fanlar akademiyasining tajribali pedagoglari jalb etiladi. Mutaxassislar soni 144 nafardan 160 nafargachani qamrab oladi. Bundan tashqari, Angliya, Rossiya Federatsiyadan chuqur bilimli testologlar ham taklif etilib, yilda ikki, uch marta bir haftalik treninglar o‘tkaziladi. Kelgusida O‘zbekiston Milliy universiteti yoxud Toshkent davlat pedagogika universitetida testolog kadrlar tayyorlovchi yo‘nalish ochish rejalashtirilgan.