O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 7-dekabrdagi «O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida o‘zbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan adib ijodiy merosini o‘rganish va uni yoshlarga yetkazish yo‘lida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 14-maydagi qarori bilan Marg‘ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etildi.
Mazkur maktab-internatni tashkil etishdan asosiy maqsad O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomini abadiylashtirish, shoir izdoshlarini kashf etish va ularning o‘z iste’dodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.
Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2018-2019-o‘quv yilidan maktab-internatning 5-8-sinflariga, 2019-2020-o‘quv yilidan boshlab esa 5-sinfiga 30 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
2018-2019-o‘quv yilidan boshlab maktab-internatga iqtidorli va iste’dodli o‘quvchilarni ijodiy tanlov asosida saralab olish maqsadida ona tili, adabiyot va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik diagnostika o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Hozir Xalq ta’limi vazirligi tomonidan hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi o‘quv yilidan boshlab maktab-internatga oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan iqtidorli pedagog-kadrlarni jalb qilish, muassasaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida uni yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va o‘quv laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi, o‘quv-metodik majmualar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Manba: xabar.uz