Professional ta’lim muassasalariga yil davomida o‘quvchilarni dual ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilish tizimi joriy etilishi munosabati bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra:
- professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar yil davomida tashkilotlarning buyurtmalari asosida dual ta’lim shaklida o‘qitiladi;
- ish beruvchilarning o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan mavjud ehtiyoji asosida dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilish soddalashtiriladi;
- o‘quvchilarni dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilish tizimi raqamlashtiriladi.
Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan:
- 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab tashkilotlar va tadbirkorlik sub’yektlaridagi mavjud ish o‘rinlari hamda ularda yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi;
- har yili 1-avgustga qadar professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni dual ta’lim shaklida o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha Yagona milliy mehnat tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar va tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan:
- tashkilotlardan biriktirilgan ustozlarning pedagogik mahoratini ixtiyoriy ravishda oshirish uchun har yili dual ta’lim shakli bo‘yicha bepul qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;
- dual ta’lim shakli joriy etilgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha tegishli ta’lim dasturlari takomillashtirilib, Germaniya tajribasi asosida metodik materiallar ishlab chiqiladi;
- 2024/2025-o‘quv yiliga qadar tegishli vazirliklar bilan birgalikda mehnat bozorining o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqbolli ehtiyojini aniqlashga mo‘ljallangan elektron platforma ishga tushiriladi hamda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash istagida bo‘lgan tashkilotlar va professional ta’lim muassasalari bilan tuziladigan shartnomalarni elektron shaklda imzolash tizimi joriy etiladi.