Endi Stomatologiya instituti diplomi jahonda tan olinadi


Bugungi kunda ilk bor O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalari orasida Toshkent davlat stomatologiya instituti dunyo tan olgan Butunjahon tibbiy ta'lim federatsiyasi tomonidan (WFME prezidenti Devid Gordonning tavsiyasi, ekspertlar xulosasi va talablari asosida) xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.

Endilikda Toshkent davlat stomatologiya instituti bitiruvchilarining diplomi jahon miqyosida tan olinadi.

Mazkur xalqaro akkreditatsiya O‘zbekistondagi ta'lim dasturlarining xalqaro sifat standartlariga mosligini baholash jarayoni bo‘lib, Oliy ta'lim sifati kafolati Yevropa assotsiatsiyasi (ENQA) a'zosi va Sifat kafolati agentliklari Yevropa reyestrida (EQAR) mavjud mustaqil xorijiy agentlik tomonidan o‘tkazildi.

Bu e'tirof institut jamoasi uchun xalqaro ta'lim maydonida imkoniyatlarni kengaytiradi. Xususan, ta'lim dasturlarining dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi, xorijiy OTMlar bilan hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirish, ta'lim jarayonlari oshkoraligi va ochiqligini ta'minlash, bitiruvchilar kompetentligini oshirishga xizmat qiladi.

Toshkent davlat stomatologiya institutiga xalqaro akrreditatsiya sertifikatini topshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri B. Musayev hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri A. Toshqulov ishtirok etdi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Toshkent davlat stomatologiya instituti dunyodagi 20 dan ortiq rivojlangan mamlakatlarning 100 dan ortiq yetakchi xorijiy OTM va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Xalqaro sifat menejmenti — ISO 9001:20.15 sertifikati hamda Finlandiyaning JAMK universiteti bilan hamkorlikdagi “Tibbiyot va innovatsiyalar" ilmiy-amaliy jurnaliga ega.