Endi maktabda olingan baho bilan o‘qishga kirish mumkin: O‘zbekistonda maktab bitiruvchilari va abituriyentlar uchun yagona imtihon joriy etilishi kutilmoqda


Avvalroq Prezidentning «Umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini unifikatsiya qilish va yagona imtihonni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan edi (https://regulation.gov.uz/uz/document/20241).

Unga ko‘ra, «2020/2021-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosini amalga oshirish maqsadida 2021/2022-o‘quv yilida tajriba sinov tariqasida O‘zbekiston taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan hududdagi umumiy o‘rta maktab va akademik litsey, 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab barcha umumiy o‘rta maktab, akademik litsey va qabuli 9-sinf negizi asosida amalga oshiriladigan kasb-hunar maktabi (umumtaʼlim muassasalari) bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi hamda oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari unifikatsiya qilinib, yagona test sinovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Belgilanishicha:

  • umumtaʼlim muassasalarining joriy yil bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi imtihoni sifatida uchta fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlarini topshiradi;
  • majburiy fanlar bo‘yicha test sinovi natijalarini umumtaʼlim muassasasi bitiruvchilarining umumiy taʼlim to‘g‘risidagi hujjati (shahodatnoma, diplomi)ga qo‘yiladi;
  • oliy taʼlim muassasalariga kirish istagini bildirgan umumtaʼlim muassasalari bitiruvchilari shaxsiy tanloviga ko‘ra, ixtiyoriylik asosida bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga mos fanlardan test sinovlarini topshiriladi;
  • 2022 yildan boshlab, avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatganlar belgilangan muddatlarda bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga mos fanlar va majburiy fanlardan test sinovlarini topshiradi.
  • Test sinovlari natijalari oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan tanlovda baholash mezonlariga muvofiq inobatga olinadi.

Shuningdek, abituriyentga test sinovi topshirilgan fani bo‘yicha 3 yil muddatda amal qiladigan abituriyent elektron sertifikati beriladi.

Test sinovlari O‘zbekiston taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan umumtaʼlim muassasalarini joriy yil bitiruvchilari uchun may iyun oylarida, umumtaʼlim muassasalarini avvalgi yillarda tugatganlar uchun iyun—iyul oylarida o‘tkaziladi