DXX Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlik holatlarini aniqladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Andijon davlat universiteti xodimi yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurtining “Biologiya" yo‘nalishining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Qarshi shahrida yashovchi shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida uni Qarshi davlat universitetining “Sport" fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Bu yo‘nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbir o‘tkazdi.
Chirchiq davlat pedagogika universitetining bo‘lim boshlig‘i 2 nafar fuqaroning Rossiya oliy o‘quv yurtidagi o‘qishini o‘zi faoliyat yuritayotgan universitetga ko‘chirib berish va 2 nafar fuqaroga ingliz tilini bilish bo‘yicha xalqaro sertifikat olib berish evaziga 10 100 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Boshqa holatda esa Chirchiq davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi fuqaroni ushbu oliy o‘quv yurtining maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Yana bir holatda Qibray tumanida yashovchi er-xotin o‘zlarining tanishlari yordamida fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3500 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.