O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 21 iyun kuni «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra, 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab universitetning bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish muddati 4 (to‘rt) yilni tashkil etadi, shu o‘rinda avval o‘qishga qabul qilingan talabalar amaldagi tartib asosida o‘qishni yakunlaydi va diplom oladi.
Shuningdek, universitetning barcha bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul chet tili, matematika/tarix, ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha davlat test sinovlari yakunlari asosida amalga oshiriladi.
Abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etiladi, uning yakunlari bo‘yicha abituriyentlarni davlat test sinovlarini topshiruvchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Universitetning magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olish muddati ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim oluvchilar uchun bir yilni, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim oluvchilar uchun ikki yilni tashkil etadi.
Magistraturaga qabul belgilangan tartibda mutaxassislik yuzasidan yozma imtihonlar va chet tili bo‘yicha imtihon topshirish orqali amalga oshiriladi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kiradi hamda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirishni, yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta’minlaydigan asosiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi:
— xalqaro iqtisodiyot va menejment;
— xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar;
— xalqaro ommaviy va xususiy huquq;
— gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati.
Manba: xabar.uz