Diplomatiya universitetida o‘qish muddati va qabul kvotalari kamaytiriladi


5-aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Farmonda qayd etilishicha, bir oy muddatda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Qarorda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

— ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda ta’lim sifatini oshirish, shuningdek, mamlakatning zamonaviy tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda JIDU faoliyatining dolzarb vazifalari va yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish;

— manfaatdor idoralarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda amaliyotda talab qilinadigan mutaxassislarnining aniq maqsadni ko‘zlab tayyorlanishini ta’minlash, shuningdek ular orasidan diplomatik kadrlarning istiqbolli zaxirasini shakllantirish maqsadida bakalavriatda o‘qish muddatini va bakalavriatga qabul qilish kvotalarini kamaytirish;

— «Xalqaro iqtisodiyot va menejment» hamda «Xalqaro jurnalistika» mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlashning yangi yo‘nalishlarini joriy qilish;

— Universitetda xorijiy mamlakatlar delegatsiyalariga xizmat ko‘rsatish va rasmiy tadbirlar o‘tkazishni yuqori tashkiliy darajada ta’minlaydigan professional tarjimon va gidlarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish;

— xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini prognoz baholash asosida fundamental ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish orqali O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatini tizimli tahlil qilishda JIDUning rolini kuchaytirish.


Manba: xabar.uz