Chirchiq pedagogika institutiga kimlar qabul qilinadi?


Kun.uz O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Vazir tahririyat jurnalisti bilan suhbat chog‘ida Chirchiq pedagogika institutiga qabul qilish jarayoni haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Chirchiq pedagogika institutining tashkil etilishi jarayoni oliy ta’limga qabul qilish jarayoni tugagan paytda e’lon qilindi. Buning e’lon qilinishi ham Toshkent viloyatining ehtiyojidan kelib chiqib, prezidentimiz viloyat xalqi bilan uchrashganlarida ana shu qarorni qabul qildi.

Toshkent viloyatida pedagoglarga bo‘lgan ehtiyoj kundan kun ortib borayotgani uchun bu qaror qabul qilindi. Bu yilga 750 ta kvota belgilab berildi. Kimlar bu qabul rejasiga tushadi? Biz tahlil qilib chiqdik. Toshkent davlat pedagogika universitetiga 7500 nafar Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda yashovchilar hujjat topshirgan va Toshkent shahridagi boshqa oliy ta’lim muassasalariga ham hujjat topshirganlar. Bu pedagogika yo‘nalishi bo‘lgani uchun faqat pedagogika va turdosh bo‘lgan yo‘nalishlardagi Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan, OTMga kira olmagan, minimal balldan yuqori bo‘lgan, tumanlar kesimida Toshkent viloyatining ehtiyojidan kelib chiqilib qabul qilinadi. Biz bu ehtiyojni Davlat test markaziga topshirganmiz. Ya’ni, 750 ta kvotaga tumanlar kesimida, fanlar kesimida raqamlar bilan berganmiz. Davlat test markazi bazadan birinchi galdagi ehtiyojdagi tumanlardan ularni saralab oladi. Bu abituriyentga shaxsan ma’lum qilinadi. Bu jarayon shu hafta boshlanadi", - deydi Inoyatov.

Ma’lumot uchun, Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan ochiq muloqotning to‘liq shakli tez orada saytda taqdim etiladi.