“Chet tillari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan maktablar uchun Prezident sovrini ta’sis etiladi” — Shavkat Mirziyoyev


Chet tillari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan maktablar uchun Prezident sovrini ta’sis etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z yuritildi.

“Viloyat hokimlari keyingi o‘quv yilidan boshlab har bir tumanda tanlov o‘tkazib, kamida 2 nafardan ingliz tili va 1 nafardan boshqa chet tili o‘qituvchilarining xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yadi.

Bundan tashqari, 2021-yildan boshlab chet tillari bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish uchun Prezident sovrini ta’sis etiladi. Bunda, tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida maktablar o‘rtasida musobaqalar o‘tkaziladi.

Tuman va shahar bosqichida 1-o‘rinni olgan maktab 100 million so‘m, 2-o‘rin –75 million so‘m, 3-o‘rin – 50 million so‘mdan mukofotlanadi. Viloyat bosqichida 1-o‘rin – 250 million so‘m, 2-o‘rin – 200 million so‘m, 3-o‘rin – 150 million so‘mdan taqdirlanadi. Respublikadagi eng yaxshi maktab 500 million so‘m, 2-o‘rindagi – 400 million so‘m, 3-o‘rindagi – 300 million so‘mdan rag‘batlantiriladi.

Bundan tashqari, ushbu maktablarning direktorlari va chet tili fani o‘qituvchilari davlat mukofotlariga ham tavsiya etiladi", – dedi davlat rahbari.

Prezident mas’ul tashkilot rahbarlariga bir oy muddatda ushbu tizimni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish bo‘yicha topshiriq berdi.