Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «Buxoroda psixologiya va xorijiy tillar universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Qarorga muvofiq, Kogon tumanida tashkil etiladigan universitetda o‘qitish O‘zbekistonda amalda mavjud taʼlim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari tanlov asosida bepul o‘qishga qabul qilinadi.
Universitet granti asosida o‘qishga tavsiya qilinadigan mazkur toifadagi abituriyentlar ajratilgan kvotaning 10 foizidan kam bo‘lmagan qismini tashkil etadi.
Bundan tashqari, universitetda bakalavriat bosqichi uchun quyidagi yo‘nalishlar tashkil etiladi:
- Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili;
- Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili;
- Filologiya va tillarni o‘qitish: ingliz tili;
- O‘zga tilli guruhlarda rus tili;
- Maktabgacha va boshlang‘ich taʼlimda xorijiy til (ingliz tili);
- Psixologiya (yuridik psixologiya);
- Psixologiya (sport psixologiyasi);
- Psixologiya (amaliy psixologiya);
- Psixologiya (oila psixologiyasi).
Shuningdek, magistratura bosqichi uchun esa quyidagi yo‘nalishlar tashkil etiladi:
- Adabiyotshunoslik: ingliz adabiyoti;
- Adabiyotshunoslik: rus adabiyoti;
- Lingvistika: rus tili;
- Psixologiya (faoliyat turlari bo‘yicha);
- Psixologiya (yuridik psixologiya).
Bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari hamda to‘lov-kontrakt miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda muassis tomonidan belgilanadi.
Universitetda taʼlim faoliyati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilganidan so‘ng boshlanadi.