Biznes va boshqaruv oliy maktabiga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi


Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabiga o‘qishga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Nizomga muvofiq, Oliy maktab magistraturasida boshqaruv kadrlarni tayyorlash to‘lov-kontrakt asosida, ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda amalga oshiriladi.

O‘qitish “Loyiha boshqaruvi" (“Project management") mutaxassisligi bo‘yicha bir yillik, “Biznes boshqaruvi" (“Master of Business Administration – MBA") mutaxassisligi bo‘yicha ikki yillik magistraturani qamrab oladi.

Oliy maktabga kirish test sinovlari va suhbat shaklida amalga oshiriladi.

Oliy maktab magistraturasiga oliy ma’lumotga hamda quyidagi ish stajiga ega fuqarolar qabul qilinadi:

- ishlab chiqarishdan ajralgan holda ta’lim uchun – uch yildan kam bo‘lmagan;

- ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim uchun – besh yildan kam bo‘lmagan.

Nomzodlar arizani Oliy maktabning rasmiy veb-sayti orqali unga quyidagi hujjatlarning nusxasini ilova qilgan holda yuboradi:  

- oliy ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;

- ish stajini tasdiqlaydigan belgilangan namunadagi hujjat;

- 4x6 o‘lchamdagi rangli fotosurat;

- pasport (imtihon vaqtida asl nusxasi taqdim etiladi).

Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar suhbatga kirishiga ruxsat etiladi.

Nomzodlar bilan suhbat shaxsiy muloqot o‘tkazish orqali ularda boshqaruv qobiliyatlariga ega ekanlik darajasini baholash, tizimli va analitik fikrlash qobiliyatlarini, yetakchilik sifatlarini aniqlash yuzasidan amalga oshiriladi.

Kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlar ro‘yxati veb-saytda e’lon qilinadi.

Kirish imtihonlaridan o‘ta olmagan nomzod uch kun ichida apellyasiya berish huquqiga ega.