«Biz astronomiyadan tashqari barcha fanlarda Qozog‘istondan ortdamiz» - Dunyoga mashhur astrofizik bilan suhbat


Kun.uz tahririyati bugungi ilm-fan, ta'lim, ilmiy tadqiqotlar va ularning ahamiyati haqida taniqli olimlar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Astronomiya katta-yu kichik hammani qiziqtiradigan soha. Yulduzlar, sayyoralar, samo ilmi barchani o‘zining sirli olamiga ohanrabo kabi tortadi. Butun ilmiy faoliyatini shu sirli olam jumboqlarini ochishga bag‘ishlagan insonlardan biri fizika-matematika fanlari doktori, professor, Jahon Fanlar Akademiyasi a'zosi Bobomurod Ahmedovdir.

— Siz va ilmiy guruhingiz astrofizikadagi eng noyob obektlarni, ya'ni qora o‘ra, neytron yulduzlar va shu kabi kompakt obektlarni o‘rganasiz. Bu obektlarning o‘zi qanaqa, oddiyroq qilib tasvirlab bera olasizmi?

— Inson tug‘iladi, ulg‘ayadi, ma'lum kasb-kor qiladi va oxiri vafot etadi. Bu har bir insonning hayot yo‘lidir. Shunga o‘xshab yulduzlarning ham o‘z hayot yo‘li bor. Ular ham paydo bo‘ladi, yashaydi va so‘nadi. Biz ana shu so‘ngan yulduzlarning oxirgi evolyutsiya natijasini o‘rganamiz. Yulduzlarning yashash davri judayam har xil. Ularning umri massasiga bog‘liqligini ilmiy tajribalar orqali aniqladik. Ammo inson qancha umr ko‘rishi uning vazniga bog‘liq emas. Chunki odamning harorati hammada bir xil 36,6 daraja. Vazni qancha bo‘lmasin tanadagi kimyoviy reaksiyalar bir xil kechadi. Lekin yulduzlarda bunaqa emas: og‘ir yulduzlarning temperaturasi o‘ta yuqori, yengillariniki esa past bo‘ladi. Ularda kechayotgan termoyadro sintezi reaksiyalari tezligiga qarab umri uzun yoki qisqa bo‘ladi. Masalan, bizga eng yaqin yulduz bu Quyosh hisoblanadi. Odatda unga o‘xshagan yengil yulduzlar juda ko‘p yashaydi. Quyoshning yashash umri taxminan 10 mlrd yilga yaqin.

Yulduzning vazni nafaqat yashash holatiga, balki so‘ngandan keyingi oxirgi holatiga ham bog‘liq bo‘lar ekan. Quyoshga o‘xshagan yengil yulduzlar portlashi orqali, ular elektron gazdan iborat bo‘lgan oq mitti obektga aylanadi. Og‘irroq yulduzlar portlaganda massasi kattaroq qoladi va neytron yulduziga aylanadi. Neytron yulduzlarning tarkibi neytronlardan iborat bo‘ladi. Lekin faraz qilaylik, yulduzning vazni o‘nta quyosh massasiga teng bo‘lsa, portlash natijasida uning asosiy qismi tarqalib ketadi va qolgan bir qismi uch quyosh massasidan katta bo‘lsa, u qora tuynukka aylanadi. Demak, bundan kelib chiqadiki, qora o‘ra o‘ta massiv yulduzlarning evolyutsiyasi natijasida paydo bo‘ladigan obekt ekan. Qora o‘raning boshqa obektlardan farqli ko‘pgina jihatlari bor. Masalan, neytron yulduz ekstremal obekt. Yetti mlrd odamni neytron yulduzga joylashtirsak, uning ichida oqqand bo‘lagidek bir kub santimetr joyni egallaydi, xolos. Shundan ham uning qanday zichlikka egaligini bilsa bo‘ladi. Qora o‘ra esa, shunday ekzotik obektki, uning aytarli hech qanday tavsifi yo‘q. Shunday bir teorema bor — qora o‘raning sochi yo‘q. Bu nima degani, ya'ni uning bor-yo‘g‘i ikkita parametri bor va bundan boshqa tavsifi yo‘q. Birinchisi, uning massasi bo‘lsa, ikkinchisi, aylanish momentidir. Hozirgi kunda, butun jahon olimlari mana shu ikkita obektning tabiatini o‘rganishga katta e'tibor qaratishgan.


— Ilmiy tadqiqotlaringiz faqat nazariymi yoki ma'lum astronomik obektlar uchun ham kuzatuvlar olib boriladimi?


— Savolingiz o‘rinli, negaki, biz asosan nazariy tadqiqotlar olib boramiz. Lekin hozirgi kunda bizning qiziqishlarimiz kuzatuvlarga ham qaratilgan. Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlab o‘tishim joiz, ya'ni tabiiy fanlar hisoblangan kimyo, biologiya va fizika tajribaviy fanlar hisoblanadi. Har bir nazariya tabiiy fanlar uchun birlamchi emas, ya'ni tajriba muhim rol o‘ynaydi. Juda chiroyli g‘oya asosida qilingan gipoteza tajribada tasdiqlanmasa, unday ish bir pulga qimmat. Unda nega astronomiya fizikadan ajratib olindi deb o‘ylashingiz mumkin. Astronomiya eng qadimiy fan bo‘lib, u asosan kuzatuv fani hisoblanadi. Fizikada tajriba qilib natijalarni olasiz, astronomiyada esa kuzatuvlar asosida natija olasiz. Odamlar tajriba qilmasdan ham oldin kuzatuv qila bilgan.

Taqqoslash uchun yana bir misol keltiraman, fizikada kollayderda ikkita protonni to‘qnashtirib hosil bo‘lgan zarralarni o‘rganishim mumkin. Agar uning energiyasi kam bo‘lib menga yoqmay qolsa, yana qaytadan tajriba qilishim mumkin. Astronomiyada esa bunaqa imkoniyat yo‘q. Bu yerda tajribani tabiatning o‘zi belgilaydi. Misol uchun, 2017 yili astronomiya instituti tomonidan portlash natijasida paydo bo‘lgan o‘ta yangi yulduz aniqlangan. Agar o‘sha paytda astronomlar uxlab qolganda yoki teleskop o‘chgan bo‘lganda edi, hammasi tamom bo‘lardi. Chunki bunday noyob hodisa yana bir million yildan keyin kelar, bilib bo‘lmaydi.

Bizning institutga kelsak, institutimiz asosan kuzatuv bilan shug‘ullanuvchi institut hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi kuzatuvlar olib borishdan iborat. Asosan Maydanak baland tog‘ observatoriyasida kuzatuv olib boriladi. Nazariy ilm bilan mashg‘ul bo‘lsak ham, bu nazariy bilimlarimiz kuzatuvlarga bog‘liq. Biz so‘nggi paytlarda ionosferani o‘rganishga harakat qilyapmiz. GFZ-Potsdam tarafidan takdim etilgan GPS uskunalari va Stenford universitetining VLF qabul qilgichlari orqali biz ionosferani monitoring qilamiz.

— Qora o‘ralarga oid so‘nggi olamshumul ilmiy yangiliklardan biri - bu ikkita ulkan (massiv) qora o‘raning o‘zaro qo‘shilishi natijasida hosil bo‘ladigan gravitatsion to‘lqinlarning kashf etilishi bo‘ldi. Shu haqda qisqacha ma'lumot bera olasizmi, gravitatsion to‘lqin o‘zi nima?

— Tabiatda to‘rtta kuch bor: kuchli, kuchsiz o‘zaro ta'sir, elektromagnit va gravitatsion kuchlar. Kuchli va kuchsiz o‘zaro ta'sir bu faqat mikrodunyoda mavjud. Kichik kvant darajasiga borganda bu ikkisi ishlaydi. Shunda ikkita ta'sir qolyapti: elektromagnit va gravitatsion — ular katta masofalarda ishlaydi. Astronomiya uchun mana shu ikkisi qiziq, chunki biz uzoqdagi obektlarni o‘rganamiz. XX asrgacha bo‘lgan kuzatuvlar elektromagnit kuzatuvlar hisoblangan.

Elekromagnit to‘lqin ko‘ndalang bo‘lib fazoga tarqaladi. Yulduzdan ham elektromagnit to‘lqin chiqadi va fazoga tarqaladi hamda Yergacha yetib keladi. Ma'lumki, Yerning o‘z atmosferasi bor va u shunday tarkib topganki, elektromagnit to‘lqinining katta qismini o‘tkazmaydi. Kelayotgan nur atmosferada yutilib ketadi va bizgacha yetib kelmaydi. Biz faqat 4-7 ming angstrem oralig‘ida bo‘lgan to‘lqin uzunligini ko‘ra olamiz. Million yillar davomida odamzod faqat ushbu diapazondagi to‘lqin uzunligini kuzatib kelgan. XX asrda vaziyat o‘zgardi, ya'ni XX asrda elektromagnit spektrni radio diapazondan tortib gamma diapazongacha kuzatish imkoni bo‘ldi. Buning asosiy sababchisi 1957 yilda birinchi kosmik yo‘ldosh Yer gravitatsion maydonini, ya'ni atmosferani tark etganidir. Ilgari bitta xonada kichkinagina mo‘richadan butun samoni kuzatib yurganmiz. Endi esa tashqariga kameralar chiqarib qo‘yildi va xonada o‘tirib ekranda kamera bergan ma'lumotlarni o‘rganyapmiz. Bugungi kunda butun Yer atrofi teleskoplar bilan to‘ldirilgan. Bu bilan elektromagnit diapazonni to‘liq o‘zlashtirdik.

Gravitatsion ta'sirda tarqalayotgan to‘lqinlarning mavjudligini 1915 yilda Eynshteyn bashorat qilgan. Shunga qaramay gravitatsion to‘lqinlar 100 yildan keyin topildi. Uni sezish qiyin, chunki juda-juda kuchsiz. Ikkita qora tuynuk to‘qnashganda hosil bo‘lgan gravitatsion to‘lqin yerga ham yetib kelib (ushbu signallar Amerikadagi LIGO va Yevropadagi VIRGO detektorlari yordamida qayd etiladi, ularning oynalari orasidagi masofa to‘rt km bo‘lib, ichi vakuumdan iborat) sistemaga tushganda undagi oynani bir fermiga (10-13 sm) siljitadi. Bu esa bitta atom yadrosi hajmiga teng keladigan o‘lchamdir! Hozirgi mavjud texnika shu darajadagi aniqlikda ishlaydi. 2015 yil 14 sentyabrda birinchi olamshumul hodisa topildi, ya'ni ikkita qora tuynuk bir-biri bilan to‘qnashdi. Ikkalasi ham o‘ttiz quyosh massasiga teng massaga ega bo‘lgan. Keyingi yana bir kuzatuv — bu XXI asrning eng katta kashfiyoti bo‘ldi. Bu bilan fizikada inqilob qilindi. NGC 4993 elliptik galaktikada joylashgan ikkita neytron yulduz o‘zaro to‘qnashdi. Biz bu bilan ko‘plab jumboqlarga javob oldik. Shunday fundamental muammolardan biri — bu noyob og‘ir metallardir: oltin, platina va uran metallarini ikkita neytron yulduzining o‘zaro to‘qnashuvida yuzaga kelishini kuzatdik. Ishonch bilan aytish mumkinki, biz multimessenjer erasiga kirdik. Nazariyotchilar tomondan bashorat qilingan makronova hodisasi ilk bor kuzatildi hamda bitta hodisa gravitatsion va elektromagnit to‘lqinlar orqali kuzatildi.

— Ma'lumki, astronomiya sohasiga, kosmik tadqiqotlarga xorijiy davlatlarda juda katta mablag‘lar ajratiladi. Davlat tomonidan ham, hatto xususiy investorlar tomonidan ham (masalan, Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi). Ayting-chi, O‘zbekistonda astronomik tadqiqotlarga taxminan qancha mablag‘ ajratiladi va bular asosan qanday tadqiqotlarga yo‘naltiriladi?

— Men Germaniyaga ko‘p boraman, kuzatuvlarimda bir narsani aniqladim. Ularning nazariy fizika yoki gravitatsiya nazariyasi bo‘yicha aspiranturaga berilgan joylarini ximiyaga berilgani bilan taqqoslasak, ximiyaga berilgan o‘rin nazariy fizikanikidan ancha ko‘p. Nega bunday desangiz, so‘rab bildimki, Germaniyada sanoat ishlab chiqarishdagi kompaniyalar aspirantura ochish uchun o‘zlaridan mablag‘ berar ekan. Bu degani, sanoat korxonalari o‘zlarining ishlab chiqarish hajmi kuchayishi uchun ilmga pul tikadi. Industriya ilmni qo‘llab-quvvatlaydi va bundan o‘zi ham manfaat oladi. Qiziqish va manfaat bo‘lgandagina ilmga davlatdan tashqari pul ajratadi. Fanga davlat mablag‘i, tabiiyki, yetarli emas. Rivojlangan davlatlarda fanga ajratiladigan davlat budjeti 2-3 foiz atrofida bo‘ladi. Lekin bizda bu hatto bir foizga ham bormagan. So‘nggi yillarda buni ko‘tarishga harakat qilinyapti. Fan rivojlanishi uchun mablag‘ni ko‘proq ajratish kerak bo‘ladi.

Bitta muammo bor, mana so‘nggi yillarda asbob-uskuna olish uchun davlat tomonidan 32 mln AQSh dollari ajratildi. Tabiiyki, bu yetadimi degan savol tug‘iladi, masalan astronomiya tadqiqotlari juda-juda qimmat turadi, ammo fizika va astronomiyada aksariyat tadqiqotlar fundamental hisoblanadi. Fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish kerak emas, faqat innovatsion tadqiqotlar zarur, degan gaplar albatta xato. Fundamental fan rivojlanishi kerak. Buni hayotning o‘zi ko‘rsatyapti.

Bular qanday qilib industriyani o‘zgartirishiga misol keltiraman. Britaniyalik olim Maykl Faradey ixtiro qilgan elektromagnit induksiya qonuni haqida eshitgan Britaniyaning moliya vaziri kelib uni ko‘radi va apparat strelkasi u yoqdan bu yoqqa borishida menga nima foyda bor deb so‘raydi. Olim esa qanaqa foyda bo‘lishini bilmayman-u, lekin aniq ishonaman, qachondir shuning orqasidan soliq olasan, deydi. Bugungi kunda, oddiy misol, qo‘l telefoni nima uchun ishlaydi, generatorda elektr toki ishlab chiqargani uchun ishlaydi. Endi nafaqat Buyuk Britaniyada, balki O‘zbekistonda ham telefonni ishlatganingiz uchun har kuni soliq to‘lab borasiz. Yoki kamerani olaylik, dastlab bular fundamental astronomik tadqiqotlar uchun yaratilgan bo‘lgan. Bugun esa bundan hamma bemalol foydalanib yuribdi. Noutbuk nima uchun paydo bo‘lgan? Tashqariga chiqayotgan teleskopning ma'lumotlarini ixchamlashtirish uchun kerak edi. Chunki fazoga chiqadigan har bir kg yukning narxi juda qimmat turgan. Juda kichik integral mikrosxemalar orqali kichraytirish zarur bo‘lgan. Ushbu kichrayishlardan keyin bugungi kundagi noutbuklar paydo bo‘lgan. GPS navigatsiya sistemasi ham astronomiya uchun yaratilgan tadqiqotlardan biri. Yana bir misol, DAN xodimlari tomonidan ishlatiladigan radar Doppler effektida asoslangan va ilk bor astronomiyada yaqinlashayotgan va uzoqlashayotgan astronomik obektlarning tezligini o‘lchash uchun qo‘llangan. Bundan kelib chiqadiki, astronomiyani rivojlantirish uchun qilingan fundamental tadqiqotlar keyinchalik hayotga kirib kelmoqda.

Astronomiyada fundamental tadqiqotlar uchun ishlab chiqarilgan uskunalar ancha qimmat. Misol uchun, telefonning kamerasi 10 yevro turadi desak, teleskopda ishlayotgan bitta SSD kamera 250 ming AQSh dollari turadi. Bu teleskopdagi birgina kichkina elementning narxi xolos. Hozirgi kunda bitta RT-70 radioteleskopi qurilishini yakunlash 100 mln. AQSh dollari atrofida sarf-xarajatni talab qiladi. Shunga qaramay davlatimiz tomonidan bu ishni yakunlash va radioobservatoriyani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2017 yilda Ostona shahrida Islom Hamkorlik tashkiloti (IHT)ning fan va texnologiyalar bo‘yicha Birinchi sammitida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev IHTning Maydanakda zamonaviy to‘rt metrli teleskopni o‘rnatish taklifini qo‘llab-quvvatladilar va bu ham amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ustuvor vazifalar rejasiga kiritilgan.

Shu o‘rinda ikki jihatga e'tiboringizni tortaman, birinchisi, davlat iqtisodi rivojlanishi kerak. Ikkinchidan, hozir juda katta mablag‘ni ham birdaniga kiritib bo‘lmaydi, negaki, bizda asosiy muammolardan biri kadrlar masalasi bo‘lib turibdi. Buning bir tomoni o‘tgan yillarda ingliz tiliga kam e'tibor qaratilganida deb o‘ylayman. Chunki bu sohani ingliz tilisiz jahon darajasida o‘rganib bo‘lmaydi.

Ibn Sino va Beruniylar zamonida xalqaro ilm tili arab tili bo‘lgan. XX asr boshida bu mavqega nemis tili ega chiqqanini bilamiz. Eynshteyn nisbiylik nazariyasini nemis tilida yozgan. O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan keyin vaziyat o‘zgardi va ingliz tili dominantlikka ko‘tarildi. Men ajablanmayman asr oxiriga borib xitoy tili shu darajaga chiqib ketsa, chunki u yerdagi rivojlanish juda tez sur'atlarda o‘smoqda. Jamiyatda zaruriyat darajasiga chiqmas ekan, til o‘rganish oqsayveradi. Shuningdek, bu soha uchun kompyuter dasturlash tizimini ham o‘rganish o‘ta zarur. Men chet elga chiqqan shogirdlarimdan muammolari haqida so‘raganimda, ular aynan dasturlash bilan bog‘liq muammolarni aytishadi.

— Sir bo‘lmasa, o‘zingiz xorijiy va O‘zbekistondagi qanday ilmiy grandlarda ishtirok etasiz va bu grandlarga 1 yillik qancha mablag‘ ajratilgan?

— Biz qatnashayotgan eng katta grandlardan biri ERC (European Research Council) hisoblanadi. U loyihasini uch qismga bo‘lgan, ularning birida biz ham faol qatnashamiz. Har biriga 6 yil muddatga 4,5 mln yevrodan bergan. Loyihaning nomi Black Hole Cam (Qora tuynuk kamerasi) deb nomlanadi. Bu asosan qora tuynuk tasvirini olish loyihasi hisoblanadi.

Xalqaro nazariy fizika instituti grandlarida ham ko‘p yillardan beri qatnashib kelmokdamiz. Ulardan olinadigan mablag‘ kam bo‘lishiga qaramasdan yosh mutaxassislarni tayyorlashda ahamiyati juda yuqori. Volkswagen va NATO grandlarida ham qatnashganmiz. Hozirgi kunda Yevropaning Erasmus+ loyihalarida faol ishtirok etmoqdamiz.

Biz 2016 yilgacha mintaqaviy loyihalarda ishtirok etmagandik. So‘nggi yillarda Nazarboyev universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Shuningdek, Xitoyning Fudan universiteti bilan ham hamkorligimiz bor va bu biz uchun katta yutuq. Chunki Fudan Xitoyda ikkinchi, jahonda qirqinchi o‘rinda turadigan universitet sanaladi.

— Sizning o‘zingizga xos bo‘lgan xususiyatlaringizdan biri — bu atrofingizga ko‘plab yoshlarni to‘plab, ilmiy maktab yarata olganingiz va uni samarali tarzda yurita olayotganingiz bo‘lsa kerak. Ilmiy guruhingizga qo‘shilishni istagan yoshlarni qanday talablar asosida tanlab olasiz va ular ilmiy faoliyatlari davomida grandlarda ishtirok etib, qanday ilmiy yutuqlarga erishmoqda.


— O‘tgan yillar mobaynida anchagina shogirdlar yetishib chiqdi. Shularga tayanib aytishim mumkinki, relyativistik astrofizika — nazariy astrofizika borasida ko‘nglim to‘q, sohaning kelajagi porloq.

Shogirdlikka olayotganda bilimi, ingliz tilini yaxshi bilishi va dasturlashga qiziqishiga qarayman, shuningdek, yoshiga e'tibor beraman. Yosh tadqiqotchi intiluvchan bo‘ladi, ko‘p ishlaydi, natijalarga erishishga ko‘proq harakat qiladi. Maqolalarda nomi zikr etilishini istaydi. Ular bilan ishlash hamisha zavqli. Shuning uchun aytamanki, yosh kadr olish kerak. Uylangandan keyin unda oila bo‘ladi, ilm esa xuddi injiq ayolga o‘xshaydi, doim e'tiborda bo‘lishni xohlaydi, talab qiladi.

Yosh shogirdlarning ilmiy stajirovkasiga ham katta e'tibor beramiz. Shuning uchun ularning ko‘pchiligini Hindistondagi Xalqaro Astronomiya-astrofizika institutiga yuboramiz. O‘sha yerda ikki-uch oy stajirovka o‘taydi. Chet el olimlari bilan ishlashni o‘rganadi. Chunki Xalqaro koloboratsiyaga tayyor bo‘lishi kerak. Shundagina ular o‘zlarining ilmiy yo‘lini topib keta oladi.

Shogirlarimning natijalariga kelsak, yaqinda 31 iyul kuni shogirdim Arman Tursunov 28 yoshida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Fizika sohasida hali bu yoshda fan doktori bo‘lmagan edi. Bungacha Ahmadjon Abdujabbarov ismli yana bir shogirdim 31 yoshida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagandi. Marozova Viktoriyaning nomzodlik ishida rahbar bo‘lganman. Viktoriya 23 yoshida fan nomzodi bo‘lgan edi. Keyinchalik Kaliforniya texnologiya institutida ishladi. Hozir Pensilvaniya davlat universitetida faoliyat olib boryapti.

O‘zbekiston Astronomiya fani bo‘yicha Skopus reytingida 56-o‘rinda turadi. Bunda yoshlarning o‘rni ahamiyatga ega. Natijalar shuni ko‘rsatyaptiki, biz astronomiyadan tashqari barcha fanlar bo‘yicha Qozog‘istondan ortdamiz. Astronomiyada oldinda ekanining asosiy sabablaridan biri yoshlar salmog‘i yuqori ekanida deb bilaman.

Shu bilan birga, ta'limda meni qoniqtirmayotgan jihatlar ham bor. Shulardan biri — bakalavr talabalarining chet elda stajirovka oshirmasligi. Qo‘shni Qozog‘istonda, bu juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, talabalarni bakalavr paytidanoq stajirovkaga yuboradi. Buning uchun talabalar ham tayyor bo‘lishlari kerak, albatta. Erasmus+ loyihasi bo‘yicha to‘rtta bakalavr talabamiz stajirovkaga borib keldi, lekin bu raqam juda past.

Ikkinchisi, magistraturada tabiiy fanlar ingliz tilida olib borilishi kerak va bundan boshqacha bo‘lmaydi. Chunki ilmingizni jahon hamjamiyatiga yetkazish uchun shu narsa zarur. Shuni ham ta'kidlash joizki, tajribaviy fanlar uchun tajriba qilinadigan asbob-uskunalar yo‘q. Laboratoriya eksperimentlarini amalga oshirish uchun tajribaviy baza yuqori bo‘lishi lozim. Asbob-uskunalarni universitetda yetarli bo‘lishi muhimdir. Magistratura talabalari, buni prezidentimiz ham ta'kidladilar, Fanlar Akademiyasi bilan uzluksiz aloqada bo‘lishlari kerak. Afsuski, ilmiy dargoh yuzini ko‘rmay o‘tib ketganlari qancha!

— Sizningcha, tadqiqotchilar ilmiy ishlarini sifatli va qisqa fursatlarda himoya qilishlarida OAKning o‘rni qanday? Bunday turdagi tashkilot rivojlangan xorijiy davlatlarda ham mavjudmi? Agar mavjud bo‘lmasa, O‘zbekistonga shu tashkilot qanchalik kerak va ilm ahliga OAK orqali ma'lum bir byurokratik to‘siqlar qo‘yilganmi?

— Bu tashkilot atrofida ko‘p bahslar bo‘ladi. Kimdir kerak deydi, kimdir yo‘q. Bu borada mening o‘z qarashim bor. Menimcha, bu tashkilot hozirgi vaqtda kerak. Negaki, O‘zbekistonning turli hududlaridagi institut va universitetlarning ilmiy salohiyati turlicha. Agar OAK tugatilib, har bir universitetga ilmiy darajani o‘zi belgilashi beriladigan bo‘lsa, tadqiqotchilar ilmiy salohiyati pastroq joyga borib, tezroq yoqlab olish payida bo‘ladi. Undan keyin yuzaga keladigan muammolarni yecholmay qolamiz. Bu tashkilot hozirgi paytdagina kerak, kelajakni esa keyin ko‘ramiz. Avval adolatli bo‘lishni o‘rganib olaylik.

Lekin shu bilan birga, OAKning hozirgi faoliyatidan qoniqmasligimni ham aytib o‘tishim kerak. Bu haqda men OAKda ham ko‘p bor gaplashganman. E'tirozim shuki, nega fan doktori bo‘lish uchun dissertatsiya yozayotgan nomzod ilmiy jurnallarda atigi ikkitagina maqola chiqarsa yetarli deb hisoblanadi? Bu juda kam! Tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha fundamental tadqiqotlar uchun bu yetarli emas. Shu bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotgan nomzod, mening fikrimcha master — o‘z ishining mohir ustasi bo‘lishi kerak. 50 yoshigacha bor-yo‘g‘i ikkita maqolani zo‘rg‘a yozgan odamga fan doktori ilmiy darajasini berish mutlaqo noto‘g‘ri. Unaqa olim na davlatga, na fanga kerak. Faqat o‘ziga kerak, oyligini oshirib ko‘proq pul olsa bo‘ldi. Fan doktori o‘zining yangi ilmiy yo‘nalishni ochib, yiliga o‘nlab ilmiy maqolalar chiqaradigan olim bo‘lishi lozim.

Bizning Astronomiya instituti oxirgi 20 yilda nufuzli jurnallarda 400ta ilmiy maqola chop etgan, yoqlangan dissertatsiyalar esa 40taga borgani yo‘q. Bu degani, har bir dissertatsion ish uchun o‘rtacha o‘n va undan ortiq maqola to‘g‘ri keladi.

OAK doktorlik dissertatsiyalariga talablarni ancha oshirishi kerak. Eng achinarlisi, OAK tomonidan O‘zbekistonda chop etilayotgan jurnallar ro‘yxati tuzib qo‘yilgan, fan doktori dissertatsiyalari uchun bu noto‘g‘ri (Balkim, PhD dissertatsiyalari uchun bu qaror ba'zi yunalishlarda qisman o‘rinlidir). Ming afsuski, ularda chop qilinadigan aksariyat maqolalarning ilmiy saviyasi o‘ta past darajada va makulaturadan boshqa narsaga yaramaydi. Bunaqa maqolalar bilan fan doktori darajasida ilmiy ish yoqlanishiga butunlay qarshiman (asosiy salbiy sabab — mahalliy jurnallarda haqiqiy taqriz sistemasi mavjud emasligi). Ularni mushuk bolalaridek ko‘paytirishdan naf yo‘q. Aslida esa mahalliy jurnallarni OAK ruyxatiga emas — xalqaro Web of Science va Scopus ma'lumotlar bazasiga kiritishni o‘ylashimiz kerak. Bu juda qiyin jarayon va qo‘shimcha mablag‘lar talab etishiga qaramasdan, Markaziy Osiyoning asosiy mamlakati uchun uddalaydigan vazifa.

— O‘zbekistonda astronomiyaning amaliy yo‘nalishlarida qanday salohiyat mavjud? Bizda ham yaqin 10 yilliklarda, masalan Maydanak observatoriyasida yirik teleskoplar qurilishi yoki O‘zbekiston o‘zining birinchi sun'iy yo‘ldoshini uchirishi mumkinmi?

— Bir ish qilishdan oldin ma'lum maqsadlar ko‘zlanadi. Shunga ko‘ra, sun'iy yo‘ldosh ham ko‘plab maqsadlar asosida amalga oshiriladi. Uning uchun ham juda katta mablag‘ talab qilinadi. Balki, Qozog‘iston bilan hamkorlikda uchirilar. Lekin bundan boshqa ham zarur muammolar turibdi. Bu qachondir bo‘ladi, albatta.

Astronomiya institutiga, yuqorida aytganimday, davlat tomonidan dastur kiritilgan. Shuning doirasida Maydanakda to‘rt metrli teleskop quriladi. Maydanak observatoriyasi, to‘la ma'noda aytishim mumkinki, kelajagi bor. U yerga boradigan yo‘l yomon edi, bu ham yaxshilanyapti, binolar va boshqa ta'mirlar uchun 5,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. U yerda hozir 10ta teleskop bor. Maydanakdagi astroiqlim boshqa yerda kuzatilmaydi, bundan foydalanish lozim.

— Ma'lumki, Prezident qarori bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi astronomiya maktabi tashkil etildi. Bu maktab faoliyati qanday yo‘lga qo‘yildi? Kelajakda ulardan bo‘lajak astronomlarni kutishimiz mumkinmi?

— Men universitetda astronomiya kafedrasida ham, nazariy fizika va atom fizikasi kafedralarida ham ishlaganman. Aniq ayta olamanki, astronomiya bilan shug‘ullanuvchi olim fizikani eng elementar zarradan tortib yulduzgacha bilishi kerak, ya'ni bilimi juda chuqur bo‘lishi zarur. Bundan tashqari, matematikani ham puxta o‘zlashtirishi talab etiladi. Bu dasturlash uchun juda muhim omil. Bularni o‘rganish uchun to‘rt yil bakalavr kamlik qiladi. Shuning uchun yana besh yil qo‘shilyapti. Bugun ilmga berilgan e'tibor magistratura va tayanch doktoranturani ham qo‘shib hisoblaganda 14 yildan keyin albatta o‘z mevasini beradi. Ilmga kiritilgan sarmoyaning natijasi birdan bilinmaydi. Lekin natija bermasdan ham qolmaydi.


Yigitali Mahmudov suhbatlashdi