O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2019-yil 6-sentabrdagi PF-5812-son Farmoni 3-bandiga muvofiq 2022/2023 o‘quv yili qabulidan boshlab texnikumlarda o‘rta maxsus ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarida 2-bosqichdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘lishi belgilab berilgan.
“5" va “4" baholarga o‘qigan, lekin kamida 50% (tibbiyotda sohasidagi bitiruvchilar uchun 85%) “5" bo‘lgan texnikum bitiruvchilariga bitirigan yillaridan boshlab 2 yil davomida suhbat asosida imtihonsiz qabul huquqi beriladi, bu talablarga to‘g‘ri kelmaydigan bitiruvchilar umumiy tartibda o‘qishga qabul qilinadi.
Hujjatlarni qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- Bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasasining 2-bosqichidan o‘qishga qabul qilish uchun har yili oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) buyrug‘i bilan qabul komissiyasi tuziladi. Oliy ta’lim muassasasi rektori (filial direktori) qabul komissiyasining raisi hisoblanadi.
- Bitiruvchilar har yili 5-iyuldan 25-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadilar.
- Bitiruvchilar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishida tizimga shaxsiy ma’lumotlarini kiritishi va quyidagi hujjatlarni yuklashi talab etiladi:
- pasport yoki ID-karta nusxasi;
- texnikumni bitirganlik to‘g‘risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali bitiruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari muvofiqlashtirilib boriladi.
- Onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlari oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan har yili 5-avgustga qadar o‘rganib chiqiladi va o‘rganish natijalari bo‘yicha abituriyentlarning shaxsiy kabineti orqali ularga xabar beriladi.
Suhbat jarayonini tashkil etish va o‘tkazish tartibi quyidagicha:
- Har yili 10-avgustgacha OTM rektori (yoki filial direktori) har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kamida 9 kishidan iborat Suhbat komissiyasini tuzadi. Komissiyaga soha bo‘yicha vazirlik va idoralar vakillari, asosiy ish beruvchi tashkilotlar vakillari, texnikum o‘qituvchisi hamda boshqa OTM professor-o‘qituvchisi kiritiladi.
- Texnikumni tamomlagan bitiruvchilar bilan suhbat videokuzatuv ostida o‘tkaziladi va ota-onalar uchun ovozli onlayn translyatsiya ta’minlanadi. Suhbat yozuvlarini kamida 3 yil saqlash va jarayon sifatini ta’minlash uchun rektor (yoki filial direktori) shaxsan mas’ul bo‘ladi.
- Suhbat jarayoni har yili 10–25-avgust kunlari o‘tkaziladi va unda komissiya a’zolarining kamida 2/3 qismi ishtirok etishi shart. Suhbat sanalari boshlanishidan kamida bir hafta oldin OTM rasmiy saytida e’lon qilinadi. Jarayonga jamoatchilik vakillari xolis kuzatuvchi sifatida jalb qilinishi mumkin.
- Belgilangan vaqtda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu yil uchun qayta suhbat o‘tkazilmaydi va ular 2-bosqichga qabul qilinmaydi. Agar bitiruvchi uzrli sabab (kasallik, xizmat safari, yaqin qarindosh vafoti) bo‘yicha hujjat taqdim etsa, suhbatdan keyin 3 kun ichida qabul komissiyasiga murojaat qilishi kerak. Bu holda, suhbatlar yakunlangach, bir hafta ichida ularga qo‘shimcha suhbat tashkil etiladi.
- Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:
- mamlakatda o‘z sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
- bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish ko‘rsatish);
- shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (o‘qishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, mas’uliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
- tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.
- Jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.
- Suhbat savollari qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqilib va rais tomonidan tasdiqlanadi, suhbat davomida har bir komissiya a’zosi bitiruvchini ball bilan baholab imzo chekadi, yakunda esa barcha ballar asosida yakuniy natijalar varag‘i to‘ldirilib komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
- Suhbatda ishtirok etgan komissiya a’zolari bergan ballarning o‘rtachasi 67 yoki undan yuqori bo‘lsa, abituriyent suhbatdan o‘tgan hisoblanadi va suhbat natijalari shu kunning o‘zida abituriyentlarga e’lon qilinadi.
- Suhbatlar davomida apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi, suhbat natijalari e’lon qilinganidan keyin 24 soat ichida yozma yoki onlayn shaklda topshirilgan shikoyatlar videoyozuv asosida 1–3 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
- Suhbat natijalari asosida bitiruvchilar 2-bosqichga o‘qishga tavsiya etiladi, tavsiya etilganlar ro‘yxati suhbatlar yakunidan keyin bir kun ichida OTM saytida e’lon qilinadi va shu kundan ularga to‘lov-kontrakt blankalari beriladi.
- Tavsiya etilganlar kontrakt shartlarida belgilangan muddatlarda to‘lovni amalga oshiradi, shartlar qonunchilikka muvofiq belgilanadi va to‘lov bajarilgach, rektor buyrug‘i bilan 2-bosqichga qabul qilinadi.