Bitiruvchilarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda - prezident


Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tayotgan davlat tadbirida so‘zlagan nutqida bugungi kunda hayotning o‘zi oliy ta'lim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etayotgani haqida gapirdi.

«Atoqli ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning: «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir», degan hikmatli so‘zlarini men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Keyingi yillarda masalaga mana shunday yondashuv bizning ushbu sohadagi faoliyatimiz mezoniga aylandi.

Chindan ham, agar biz ta'limni o‘zgartirsak, ta'lim insonni o‘zgartiradi. Inson o‘zgarsa – butun jamiyat o‘zgaradi. 

Shu bois, biz uzluksiz ta'limni takomillashtirish, farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, yuqori malakali pedagog kadrlar tayyorlashni tubdan yaxshilashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Ta'lim-tarbiyaning boshlang‘ich bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta'lim tizimidagi o‘zgarishlardan hammanǵiz yaxshi xabardorsiz. Sohada yagona davlat siyosatini yuritish maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil etildi. 2017 yili yurtimizda 5 ming 211 ta bog‘cha faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam – tasavvur qiling – 19 ming 316 taga yetdi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda oilaviy bog‘chalarning joriy etilishi, bir qator imtiyozlar berilishi tufayli 13 mingdan ziyod nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu islohotlar natijasida biz maktabgacha ta'limga qamrov́ darajasini 62 foizga, 6 yoshdagi bolalar o‘rtasida esa 77 foizga yetkazishga erishdik.

Yangi turdagi ta'lim maskanlari, xususan, Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Birgina 2020 yilni oladigan bo‘lsak, yurtimizda matematika fani bo‘yicha 56 ta, kimyo-biologiya fani bo‘yicha 28 ta, informatika va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha 14 ta ana shunday maktablar tashkil etildi.

Ta'lim sohasida yangicha yondashuvlar faol joriy etilmoqda. O‘zingiz ayting, bundan to‘rt-besh yil oldin respublikamizda xususiy maktab yoki bog‘cha bo‘lishini tasavvur qilish mumkinmidi?

Biz bu sohada jahon tajribasini o‘rganib, yangi tartib-qoidalarni, zamonaviy ta'lim usullarini joriy etmoqdamiz. Jumladan, xususiy maktab ochish uchun litsenziya olish tartibi soddalashtirildi. Nodavlat ta'lim maskanlari davlat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli hozirgi vaqtda ularning soni 195 taga yetdi.

Bularning barchasi o‘z ijobiy natijasini bermoqda. Buni 2017-2020 yillarda o‘quvchilarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 30 ta medalni qo‘lga kiritgani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Yoshlarni talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish uchun o‘tgan o‘quv yilida 339 ta kasb-hunar maktabi, 194 ta kollej va 195 ta texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda islohotlarimiz talabi, hayotning o‘zi oliy ta'lim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda.

Shu bois, yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi.

Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan – shunga e'tibor bering – 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda», deydi davlat rahbari.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalambor, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy e'tibor markazida turgani, shu maqsadda joriy yilda nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun 3 ming 155 ta, Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun 1 ming 580 ta, kam ta'minlangan oilalarga mansub xotin-qizlar uchun 2 mingta qo‘shimcha qabul kvotalari davlat granti sifatida ajratilgani qayd etib o‘tildi.