Bitiruvchilardan 3 tomonlama shartnoma so‘rash mumkin emas — Senat


Bitiruvchilardan uch tomonlama shartnoma talab etilishi bilan bog‘liq holat nazoratga olindi.

Shu kunlarda kollej, litsey, hatto oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilaridan biror tashkilot, korxonadan uch tomonlama shartnoma tasdiqlatib kelishi talab etilayotgani bilan bog‘liq holatlar uchrayotgani ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

 Xususan, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlashda ana shunday ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani, eng achinarlisi, uch tomonlama shartnoma xo‘jako‘rsinga tuzilganini uch tomon ham bilishi, bu soxta “anʼana" butun bir mamlakat rivoji uchun salbiy taʼsir qilishi taʼkidlangan.

Mazkur masala Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinib, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligiga asoslantirilgan holda tushuntirish berish talabi bilan so‘rov yuborildi.