Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-maydagi “Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
Qarorda yetim, ota-ona qaromog‘idan mahrum bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarining samaradorligini oshirish masalalari ko‘rilgan.
Qarorga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj 14-23 yosh oralig‘idagi yoshlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tayyorlanish xarajatlari bir marotaba qoplab beriladi. Bunda har bir kurs uchun (5 tagacha fan) har oy yordam puli berib boriladi. Ushbu yordamning davomiyligi 12 oy. Ya’ni, o‘quvchiga tayyorlanish davrining 12 oy muddatida har bir o‘qiyotgan fani uchun nizomda keltirilgan miqdorida yordam puli beriladi.
Ijtimoiy yordam quyidagi miqdorlarda har bir kurs (5 tagacha) uchun hududlar kesimida quyidagicha miqdorda to‘lab beriladi:
- Toshkent shahrida BHMning (bazaviy hisoblash miqdori) 2 baravarigacha (750 ming so‘m)
- Nukus shahri va viloyatlarning markazlarida BHMning 1,5 baravarigacha (562 500 so‘m)
- qolgan hududlarda BHMning 1 baravarigacha (375 ming so‘m)
Ijtimoiy yordam quyidagilar toifadagi yoshlar uchun beriladi (14-23 yosh oralig‘ida):
- homiylik belgilangan bolalar;
- tutinilgan (foster) oilaga berilgan bolalar;
- “SOS – Oʻzbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalarni muqobil parvarish qilish xizmati tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari;
- respublika oʻquv-tarbiya muassasalarining tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari;
- Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari;
- Kichik hajmli bolalar uylari tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari.
Eslatma! Ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun quyidagicha talablar qo‘yiladi:
Yordam olgan yoshlar oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kirish uchun tayyorlash kurslariga muntazam qatnashishi zarur. Shuningdek, oʻqishga kirish uchun tayyorlash kurslari yakuni boʻyicha beriladigan belgilangan namunadagi sertifikatni olish talab etiladi (shunday sertifikat taqdim etilgan taqdirda).
Ushbu yordamdan foydalanish uchun talabgorlar nodavlat ta’lim tashkiloti bilan tuzilgan shartnomani taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Muhim! Mazkur yordam, istisno tariqasida, ota-onasi uch oydan ortiq muddatga chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganligi munosabati bilan homiy tayinlangan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning farzandlariga ham koʻrsatilishi mumkin.