Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, milliy va xorijiy yetkachi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.
Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
- fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkillashtirish va oʻtkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi innovatsion loyihalarni keyinchalik ularni sinovdan oʻtkazish va Harbiy institut oʻquv jarayoniga hamda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari qoʻshinlari faoliyatiga tatbiq etish yoʻli bilan amalga oshirish;
- ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining oʻquv-ilmiy va innovatsion faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida oliy taʼlim muassasalari, ilmiy, loyiha-konstruktorlik tashkilotlari hamda xorijiy sheriklar bilan ilmiy va ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish;
- kelgusida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida joriy etish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlarini ishlab chiqarish uchun texnik vazifalarni yaratish.
Oʻzbekiston Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi qarori bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi Mudofaa vazirligiga Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini yuqori malakali, amaliy ishlar tajribasiga ega va ilmiy-tadqiqotlar faoliyatiga moyilligi boʻlgan kadrlar bilan toʻldirishda koʻmaklashadi.